
TIV Konsullik-huquqiy departamenti Fuqarolik, legalizatsiya va boshqa konsullik harakatlari masalalari boshqarmasi boshlig‘i Munira Nizamova “Dunyo” AAga bergan intervyusida migratsiya, vatandoshlarimizning boshqa yurtlarda o‘zini tutishi, shuningdek muhojirlar orasidagi jinoyatchilik va boshqa savollarga batafsil javob berdi.
– Xorijdagi fuqarolarimizning xatti-harakatlari yurtimizning umumiy qiyofasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Ha, albatta, fuqarolarimizning o‘qish, malaka oshirish yoki ishlash maqsadida xorijga chiqishi bir qancha afzalliklarga ega. Jumladan, sifatli ta’lim olish, dunyoqarashini shakllantirish yoki turmush farovonligini oshirish uchun qanchadan-qancha imkoniyatlar yaratadi. Biroq afsuski, shu bilan birga o‘ziga yarasha bir qancha salbiy tomonlari ham bor.
Bular nima bilan bog‘liq? Avvalambor, bizning fuqarolarimiz xorijga chiqishdan oldin, ayniqsa, xorijga birinchi marta ishlashga yo o‘qishga chiqib ketayotgan fuqarolarimiz o‘sha borish davlatining qonun-qoidalarini, u yerda xorijiy fuqarolarni yashash tartiblarini yoki o‘sha davlatning tilini bilmagan holda, shu ma’lumotlarga ega bo‘lmagan holda chiqib ketish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida til va qonun-qoidalarni bilmagandan keyin, o‘zining viza muddati yoki qayd qilish muddati tugaganida, ishga, mehnat qilish faoliyatini olib borishga ruxsat beruvchi patentni rasmiylashtirish tartibini bilmaganligi uchun bular soxta, qalbaki registrasion-migrasion kartochkalarni yo ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni soxtalashtirish holatlariga duch kelib, o‘shalarni olishga majbur bo‘lishadi. Vizasi yoki registratsiyasining muddatlari tugagandan keyin o‘sha davlatdan chiqib ketish o‘rniga qolib ketish holatlari kuzatiladi. Bu esa, albatta, ma’muriy javobgarlikka olib keladigan holatlardir.
Bu, masalan, bilmaslikdan qilingan bo‘lsa, boshqa bir fuqarolarimiz orasida katta daromad ortidan, ketidan quvib, pul ishlash maqsadida bilib turib jinoyat sodir etish holatlari ham kuzatilmoqda…
Yoki o‘sha borgan davlatidagi qanaqadir bir urf-odatlar, ularda qabul qilingan qonun-qoidalarga, ularga hurmatizlik qilish, ularni nazarga olmaslik holatlari uchraydi.
– Chet elda vatandoshlarimiz orasida eng ko‘p uchraydigan huquqbuzarlik va jinoyatlar qaysilar?
– Rossiya hududida sodir etilayotgan jinoyatlardan eng katta foizi, afsuski, bu giyohvand moddalarini sotish, ularni olib o‘tish kabi jinoyatlar. Bular Rossiya hududida jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarimizning 60 foizini tashkil qiladi. Bu juda katta son. Ikkinchi o‘rinda jinsga tajovuz jinoyatlari turadi. Bular 12 foizini tashkil qiladi. Keyin esa qotillik 7 foiz, sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish bu taxminan 5 foiz bo‘lsa, o‘g‘rilik 4 foiz, firibgarlik, terrorizm 3 foiz. Talonchilik, kontrabanda qilish yo boshqa jinoyatlarning jami 8 foizni tashkil etadi.
– Huquqiy savodxonlik yetishmasligi oqibatida yuzaga keladigan muammolar diplomatik munosabatlar va mamlakat imijiga qanday ta’sir qiladi?
– Endi baribir o‘zimizdan ham kelib chiqib, mana xorijiy fuqarolar kelsa O‘zbekistonga yo siz o‘zingizning uyingizga birovni mehmon qilib chaqirsangiz-da, u sizning uyingizga kelib sizga hurmatsizlik qilib, sizning yaqinlaringizni urishib-so‘kib yoki qizingizni, o‘g‘lingizni sha’niga tegsa, kimga yoqadi? Avvalambor, u fuqaro o‘zining xorijda bo‘lishiga ta’sir qiladi bu. Nafaqat o‘zining, butun O‘zbekiston sha’niga, o‘zbek xalqi sha’niga bu ta’sir qiladigan narsa. Hozirgi kunda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistondagi boshqa vazirlik, idoralar bilan birga O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari, konsullik muassasalari orqali O‘zbekistonni dunyoda tanitish, uning qadr-qimmatini, uning sha’nini yuksaltirish, uning hurmatini yuksaltirish yo‘nalishida ancha ishlar olib borilyapti.
…97-99-yillari Vashington shahridagi elchixonada ishlaganman. Shunda amerikalik oddiy fuqarolar bilan gaplashganimizda, «siz qayerdan kelgansiz» deb so‘rashardi. «O‘zbekistondan», desam, «Pokiston, Afg‘oniston» deb qayta-qaytadan so‘rashardi. Chunki O‘zbekiston haqida umuman hech qanaqa ma’lumotga ega emas edi, hech qanaqa tushunchaga ega emas edi. Hozir qarang, O‘zbekiston desangiz, dunyoning har bir burchagida hamma biladi, hamma taniydi. Bu xalq diplomatiyasi ham juda katta, muhim rol o‘ynaydi. Mana masalan, bizning sportchilarimizni hozir ko‘ring. Sportning har xil turlarida o‘zining erishgan yutuqlari bilan O‘zbekistonning mavqeini baland ko‘tarishga harakat qilib, o‘zlarining ulushlarini qo‘shib borishyapti. Lekin shu bilan bir qatorda, ba’zi bir fuqarolarimiz shu katta daromad, katta pul ketidan quvib, jinoyatlar sodir qilib, O‘zbekistonning sha’niga dog‘ tushirmoqda.
O‘tgan yili hamma ommaviy axborot, internetlarda ham tarqalib ketdi: Birlashgan Arab Amirliklari hududida bizning uch nafar fuqaromiz buyurtma qotillik sodir etgan. Uning natijasida Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan joriy qilingan vizasiz rejimini bekor qilish mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Yoki mana Rossiya hududida bizning fuqaromiz tomonidan amalga oshirilgan xuddi shunaqa buyurtma jinoiy terakt natijasida oxirgi paytlar O‘zbekiston fuqarolariga bo‘lgan munosabat ancha o‘zgargan. Rossiyaning ayeroportlarida O‘zbekistondan keladigan reyslarda tekshiruvlar juda uzoq, mukammal o‘tkazilyapti. Olti-sakkiz soat o‘rtacha, 10 soat, 12 soatlab tekshiruv bo‘lgan holatlar bor. Ko‘z oldingizga keltiring, ayollar, farzandlari bilan 12 soatlab aeroportda o‘tirsa. Bu o‘zidan-o‘zi bekorga bo‘layotgani yo‘q-ku. Shu bizning fuqarolarning xorijda qilayotgan xatti-harakatlarining salbiy ta’siri.
Yoki Rossiya hududida reydlar o‘tkazilyapti, ko‘paya boshladi shunaqa reydlar, tekshiruvlar, hammasi. Qachonki bizning fuqarolar qonun-qoidalarga rioya qilib, boshqa davlatlarning urf-odatlari, an’analari, ularning davlatida qabul qilingan qonun-qoidalarini hurmat qilishni o‘rganmasa, albatta, biz Tashqi ishlar vazirligi tomonidan, elchixonalar, konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ta’siri unaqa kuchli bo‘lmaydi. Lekin shunga qaramay, biz hamma yo‘nalishda, albatta, mana Rossiya hududida bo‘lib turgan yo bizning eng ko‘p fuqarolar bo‘lgan Rossiya hududi, Qozog‘iston hududi, Koreya, Turkiya, boshqa elchixonalarimiz, konsullik muassasalarimizda, konsullik xodimlarimiz, albatta, deportasion markazlariga borib, jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazishadi, jazoni ijro etish muassasalariga borib uchrashuvlar o‘tkazishadi. Ularning orasida tushuntirish-profilaktik ishlari olib borishadi. Bizning fuqarolar ko‘p, o‘zbek diasporalari ko‘p yig‘ilgan joylarda o‘zbek tilini, o‘zbek an’analarini unutmasliklari uchun, vatan bilan aloqalarni ko‘pga uzmasliklari uchun har xil madaniy tadbirlar olib borishadi.
Lekin baribir aytmoqchi bo‘lganim, ham ko‘p narsa o‘zimizning fuqarolarga bog‘liq. Mahallada yo tanish-bilishlarda kimdir qayerdadir Rossiyada ishlayapti va yaxshi pul topayotgan ekan desa, shuni eshitib, “voy, men ham boraman”, deb bilet olib ketaverish holatlari bor. Shunaqa borishdan oldin, masalan, elchixona orqali yo konsullik muassasasi orqali, yo mana bizning konsullik-huquqiy departament orqali, yo migratsiya agentligi orqali chiqib ma’lumot olish lozim. Ish beruvchi haqida, rostdan shunaqa tashkilot bormi, ular qonuniy ishlayaptimi, o‘sha davlatda bo‘lish qonun-qoidalari qanaqa, tartibi qanaqa, ishlash uchun qanaqa ruxsatnomalar olish kerak? Keyin ko‘p holatlarda, ayniqsa, bizning qizlarimiz turistik vizalar bilan xorijga chiqishadi-da, viza muddati o‘tib ketadi, o‘sha yerda nolegal ishlab yurishni boshlashadi. Nolegal ishlab boshlagandan keyin ular nopok ish beruvchi uchun yengilgina o‘ljaga aylanadi. U qonunni buzib turganidan keyin uni, albatta, boshqa bir noqonuniy ishlarga majbur qilish oson bo‘ladi. Yana bir bor e’tibor qaratmoqchi bo‘lganim – borish davlatiga, u yerdagi qonun-qoidalarga, o‘sha davlatning tilini bilishga intilish kerak.
Rossiyaga borganimda, aeroportda chegara punktidan o‘tayotganimizda pasport nazoratida o‘zbekistonlik fuqaro turgan ekan. Chegara xodimi: “predstavtes, pojaluysta”, desa, bizning fuqaro indamay turibdi. Chegarachi: “Nazovite familiyu, imya, otchestvo”, desa, yana jim. Keyin men unga: “Izvinite, ya konsulom rabotayu, mogu ya yemu pomoch?”, dedim. “Da, da, konechno, pomogite”, dedi. Men hamyurtimizga: “Sizdan o‘zingizni tanishtiring deb so‘rayapti”, dedim. O‘zbekistonlik esa: “Opa, yonimda turing, men ruschani umuman bilmayman, yonimda turib turing o‘tgunimcha”, deydi. “Mayli, men turib turaman, o‘tkazaman, hozir yordam beraman. Lekin chiqqaningizdan keyin siz Rossiya hududida qanday ishlaysiz? Sizning ism-sharifingizni so‘rasa, javob bera olmasangiz…”, dedim. “Ha, mana shu yerdan chiqib olsam bo‘ldi, u yog‘iga kutib olishadi, ish joylarim aniq”, deydi. Aniqligini qayerdan biladi u? Mana qancha shunaqa holatlar bo‘lgan. Keyin olib, uni boshqasiga sotib yuboradi, uni quldek ishlatadi, oyligini bermasdan politsiyaga topshirib yuboradi “mana bu nolegal bo‘lib yuribdi”, deb. Shunaqa holatlar ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun, albatta, xorijga chiqishdan oldin o‘sha davlatning tilini, urf-odatlarini, qonun-qoidalarini o‘rganib chiqqan odam o‘zini himoya qila oladi. Albatta, biz qo‘ldan kelgancha fuqarolarimizga qonun doirasida yordam berishimiz kerak. Uning uchun fuqarolarimiz avvalambor qonunni buzmaslikka harakat qilishi kerak. Lekin ba’zan fuqarolarimiz shunaqa qonunbuzarliklarni sodir qiladiki, uni ming harakat qilsangiz ham, ming yordam bergingiz kelsa ham, yordam bera olmay qolasiz. Chunki bizning konsullik muassasalarimizning vazifasi qonun doirasida ularga yordam berish.
– Fuqarolarimizning pasport yo‘qotishi kabi holatlar tez-tez uchraydi. Bunday vaziyatlarda qanday choralar ko‘riladi?
– Pasport, pasportlarni yo‘qotish holatlarida ham bu eng salbiy tomonlaridan bittasi, fuqaroning o‘zi bilmasligi ham mumkin. O‘zini yo‘qotgan pasportini boshqa kimlardir topib olib, o‘zining jinoiy maqsadlarida ishlatishi mumkin. Bir necha shunaqa holatlar bo‘lgan. Shunaqa yo‘qolgan pasportlarni yig‘ib oladigan jinoiy guruhlar bor. Masalan, kimdir O‘zbekistondan chiqib ketishi yoki qilgan jinoyatlari uchun Turkiya davlatiga kirish man qilingan. Shu fuqaro Turkiyaga kirmoqchi bo‘lsa, shu jinoiy guruhlar unga o‘zining yoshiga yarasha yo o‘sha tashqi qiyofasiga o‘xshaydigan boshqa biror bir yo‘qolgan pasportni topib berib, o‘sha pasport bilan chiqarib yuborish holatlari bo‘lgan. Bir fuqaro Moskvaga kelgan, pasportimni yo‘qotdim deb. Biz bu yerdan tekshirtirsak, uning pasporti bilan kimdir Turkiyada yurgan bo‘lgan. Topilgan pasportlar bilan xorijiy davlatlarda banklardan kredit olish holatlari bo‘lgan. O‘sha pasportlar bilan Suriya yo boshqa bir harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarga borib kelish holatlari ham bo‘ladi. Lekin javobgarligini pasportning haqiqiy egasi javob berishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun xorijda pasportni yo‘qotgan fuqarolarimiz, albatta, shu kunning o‘zida bizning konsullik muassasalariga murojaat qilishi kerak. Chunki biz pasport tizimida bu pasportning bekor qilinganligi haqida belgi kiritib qo‘yamiz. Shundan so‘ng bu odamdan javobgarlik, mas’uliyat yechiladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham odam bu pasport bilan yuzaga kelgan keyingi holatlarga javob bermaydi, javobgarlikka tortilmaydi.