
O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan yoki u yerga ishlash uchun ketayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan turli muammolar ko‘paygani haqida ma’lum qilmoqda. Elchixona 2025-yil davomida Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlaridan kelib tushgan shikoyatlarni tahlil qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘p hollarda ish beruvchilar tomonidan oylik maosh umuman berilmasligi yoki uzoq vaqt kechiktirilishi, yashash va ishlash ruxsatnomalarini rasmiylashtirishda muammolar, avval to‘langan hujjatlar uchun yana qayta-qayta pul talab qilinishi, qo‘shimcha pul to‘lashdan bosh tortgan fuqarolarni deportatsiya bilan qo‘rqitish, shuningdek, noqonuniy ishlayotganlarni sababsiz ishdan bo‘shatib, ishlab topgan maoshini bermaslik holatlari uchramoqda.
O‘zbekiston elchixonasi bunday holatlarda o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qiladi. Elchixona qonunbuzar ish beruvchilar bilan muzokaralar olib boradi, Xorvatiya va Serbiyaning tegishli idoralariga rasmiy murojaatlar yuboradi, fuqarolarni sud va ma’muriy ishlarida qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, elchixona muammolarning katta qismi fuqarolarning ishga noqonuniy yoki yarim qonuniy yo‘llar orqali, lisenziyasi bo‘lmagan vositachilar yordamida chiqishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
Shu sababli elchixona fuqarolarga Xorvatiya va Serbiyaga faqat Migratsiya agentligi lisenziya bergan rasmiy ishga joylashtirish agentliklari orqali chiqishni, lisenziyasi yo‘q shaxslar yoki firmalarga pul bermaslikni, turistik yoki mehmon vizasi bilan ishlash maqsadida chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Bunday qonunbuzarlik deportatsiyaga, Shengen hududiga kirish taqiqiga va hatto jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Shuningdek, mehnat shartnomasini imzolashdan oldin uni o‘zbek yoki rus tilida talab qilish, barcha shartlarni diqqat bilan o‘qish, maosh kechiksa yoki qo‘rqitish holatlari bo‘lsa, darhol O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qilish kerakligi ta’kidlandi.
Elchixona fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, faqat qonuniy ishlash xorijda huquq va manfaatlarni himoya qilishning eng ishonchli yo‘li ekanini eslatadi.