
O‘zbekistonlik 50 yoshli A. Muxtorov Rossiyaga borib, u yerda “Vagner” xususiy qurolli kompaniyasi safiga qo‘shilgan va Ukraina hududidagi janglarda qatnashgan. Uyga qaytganida esa giyohvand moddalar bilan ushlangan.
Yangiyo‘l shahar sudi uni bir vaqtning o‘zida ikkita modda – xorijdagi harbiy harakatlarda qatnashish va giyohvand moddalarni saqlash bo‘yicha aybdor deb topdi.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil sentyabrida Muxtorov internetdagi e’lon bo‘yicha Rossiyaga ketgan. U Molkino qishlog‘i yaqinidagi “Vagner” harbiy lagerida mashg‘ulotlarda qatnashgan. Shartnomaga qo‘l qo‘yganidan so‘ng Ukraina armiyasiga qarshi jang qilgan. Janglarning birida u og‘ir yaralangan. Shundan so‘ng u avval Donbassdagi shifoxonada, keyin esa Moskvada davolangan. 2023-yil mart oyida u O‘zbekistonga qaytgan.
Deyarli ikki yil o‘tib, 2025-yilning fevral oyida uning uyini tintuv qilish chog‘ida og‘irligi salkam 10 gramm bo‘lgan marixuana topilgan. Muxtorovning o‘zi buni o‘zi foydalanishi uchun saqlayotganini aytgan.
Sud ishni o‘rganib chiqib, uni yollanma askarlik (ya’ni pul evaziga harbiy harakatlarda qatnashish) va giyohvand moddalarni saqlash moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi. Sud tomonidan aybiga iqrorligi, pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi inobatga olinib, unga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy rejimli koloniyada o‘taydi.