
«Migrantlar – tahdid»? Nega bunday bayonotlar xavfli va ularni kimlar targ‘ib qilmoqda?
«Sputnik» radiosi orqali yana bir shov-shuvli va nihoyatda munozarali bayonot efirga uzatildi. Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi Pavel Ostrovskiy muhojirlarni qattiq tanqid qilib, “millionlab xorijlik ishchilar va ularning oilalari rus madaniyatini tan olmaydi”, “ularning uchdan ikki qismi go‘yoki shariatni Rossiya qonunlaridan ustun qo‘yadi” degan iddaolarini ilgari surgan. Telegramdagi “Mnogonasional” kanali eshittirishning ushbu fragmentiga e’tibor qaratib, jamoat joylarida tobora ko‘proq eshitilayotgan xavotirli ritorikaga urg‘u bergan.
Ostrovskiy o‘ta xavfli taxminni ham ilgari surgan: uning fikricha, “qaysidir ruhiy yetakchi” muhojirlarni ko‘chaga chiqishga chaqirsa, ular go‘yoki shunday qilishar emish. Bunday so‘zlar bevosita butun bir ijtimoiy guruhni dushman qilib ko‘rsatishga, mehnat qilib, pul topish uchun kelgan odamlarni “potensial tahdid” sifatida ko‘rsatishga o‘xshaydi.
Xuddi shunday so‘zlarni yana bir pravoslav ruhoniysi sxiigumen Gavriil ilgari ham gapirgan, ammo ommaviy ravishda qoralangan edi.
Mehnat muhojirlarining ko‘pchiligi qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ishlab chiqarish, logistika va ishchilar yetishmasligi keskin kuzatilayotgan boshqa sohalarda mehnat qilayotgan qonunga bo‘ysunuvchi shaxslardir. Ular soliq to‘laydi, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, rus tili va tarixidan imtihon topshiradi. Ularning farzandlari rus maktablarida o‘qiydi, jamiyatga integratsiyalashadi va ko‘pincha tengdoshlaridan farq qilmaydi.
Jamiyatning bu katta qismini dushman kuch sifatida ko‘rsatishga urinishlar nafaqat adolatsizlik, balki ijtimoiy xavfli hamdir. Aynan shunday bayonotlar ishonchsizlik, qo‘rquv va ksenofobiyani kuchaytiradi. Ajablanarlisi shundaki, demografik muammolar va kadrlar taqchilligi fonida aynan migrantlar Rossiya iqtisodiyoti va ijtimoiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Vayron qilish uchun emas, balki yaratish uchun kelgan odamlarni yomon ko‘rsatish kerak emas. Ularning madaniyati va dini qo‘rquv uchun sabab emas, balki Rossiyaning ko‘p millatli jamiyatining bir qismidir.