«Yandex Taksi» xizmati 1-fevraldan barcha «самозанятый» bo‘lib ishlaydigan haydovchilardan daromad solig’ini majburiy ravishda ushlab qoladi. Bu haqda kompaniya ma’lumotlariga asoslanib, «Ведомости» nashri xabar bermoqda. Avval soliqni avtomatik hisoblash va ushlab qolish xizmatiga ulanish ixtiyoriy edi, ammo endi hamkorlik qiluvchi barcha haydovchilar uchun majburiy bo’ladi. Mazkur tartib Rossiya soliq xizmati bilan o‘tkazilgan muhokamadan so’ng joriy etilgani aytilmoqda.
«Yandex Taksi» xizmati Rossiya bo‘ylab o’zini o’zi band qilgan shaxs sifatida ishlayotgan haydovchilar uchun professional daromad solig’ini to’laydigan birinchi platforma bo’ladi, deb xabar bergan «Ведомости» nashri. Kompaniya vakilining so’zlariga ko’ra, “Yandex” bilan hamkorlik qiluvchi haydovchilar uchun soliqni avtomatik ravishda to’lash 1-fevraldan boshlab majburiy sanaladi.
Manbaning yozishicha, «Yandex Taksi» soliqlarni har bir buyurtmadan so‘ng hisoblab, ushlab qoladi. Shundan so’ng kompaniya ushlab qolgan soliqlarni har oyda davlatga to’lab boradi. Mazkur tartib soliq to’lovlarini to’liq avtomatlashtirish va soddalashtirish imkonini beradi, qolaversa Rossiya soliq idorasi bilan oldindan muhokama qilingan, deb ta’kidlagan “Yandex” kompaniyasi vakili.