
Yaponiyaga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarimiz uchun moliyaviy savodxonlik — bu faqat pulni topish emas, uni to‘g‘ri saqlash, ishlatish va kelajak uchun jamg‘arish demakdir.
Ish haqi olganingizda u odatda bank orqali oylik avtomatik to‘lov shaklida amalga oshiriladi. Ish beruvchi sizga shaxsiy bank hisob raqami ochib beradi va har oyning ma’lum bir kunida ish haqingiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu hisobga tushiriladi.
Ish haqi tushgach:
Har bir tushgan summani bank ilovasi orqali tekshirib boring
To‘lov varaqasi, ya’ni 給与明細 soliqlar, sug‘urta va ushlanmalar ko‘rsatilgan bo‘ladi
Agar ish haqi kam yoki noto‘g‘ri to‘langan bo‘lsa, darhol rahbaringiz bilan bog‘laning
Bank kartasi bilan ishlash kundalik hayotda juda zarur. Chunki:
Naqd pul kam ishlatiladi
Kartalar do‘konlarda, metroda, yirik supermarketlarda ishlatiladi
QR-kodli to‘lovlar, masalan, PayPay yoki Rakuten Pay ham ommalashgan.
Ko‘pchilik xorijda ishlagan pulni uyga yuborishga harakat qiladi. Bu yaxshi, ammo birinchi navbatda o‘z xarajatlaringizni to‘g‘ri rejalashtiring. Shoshma-shosharlik bilan kredit olish, qimmat telefon yoki texnika xarid qilishdan ehtiyot bo‘ling.
Har oy moliyaviy reja tuzing va uning tarkibida:
Oylik daromad
Uy va ovqatlanish xarajatlari
Ishga borish uchun transport xarajati, sug‘urta, telefon
Pul jo‘natmalari (remittance)
Jamg‘arma
Favqulodda holatlar uchun zaxira bo‘lsin!
Yaponiyadan O‘zbekistonga pul yuborish uchun Western Union, TransferWise, Remitly kabi qonuniy xizmatlardan foydalaning. Norasmiy kanallar orqali jo‘natilgan pul yo‘qolib ketishi yoki bloklanishi mumkin.
Ogoh bo‘ling!
Firibgarlar sizni «sarmoya kiriting», «kripto-valyuta sotib oling», «pul yuboring — ikki barobar qaytaraman» kabi yolg‘on takliflar bilan aldashi mumkin.
Begonalar nomiga telefon, bank kartasi ochish qonunga xilof. Bu sizni jinoyatga aralashgan deb topilish xavfini tug‘diradi.
Esda tuting: Yaponiyada iqtisodiy erkinlik va mustahkam moliyaviy tartib juda yuqori baholanadi. O‘z pulingizga mas’uliyatli munosabatda bo‘ling, daromadingizni faqat bugun uchun emas, balki ertangi kun uchun to‘g‘ri yo‘naltiring.