324 29/12/2025

Yaponiyada ishlash imkoniyati sizga yaxshi daromad, tajriba va bilim beradi. Ammo eng muhim boylik, shubhasiz, bu sog‘lig‘ingiz va hayotingizdir. Shu bois, mehnat xavfsizligi qoidalari va salomatlik bo‘yicha bilimlarni o‘zlashtirish har bir ishchining majburiyatidir.

Yaponiyada har bir ishlab chiqarish, qurilish yoki xizmat ko‘rsatish sohasida xavfsizlikka qat’iy amal qilinadi. Bu qonun bilan mustahkamlangan. Ish boshlashdan oldin sizga xavfsizlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi va bu majburiy.

Asosiy xavfsizlik qoidalari quyidagilardan iborat:
O‘zingizga biriktirilgan ish joyi va uskunani yaxshi bilib oling.
Maxsus himoya kiyimlari– kaska, niqob, etik, qo‘lqopni doimo to‘g‘ri va toza holda kiyib yuring.
Belgilangan xavfsizlik chizig‘i, yo‘l va belgilariga qat’iy amal qiling.
Elektr, gaz, og‘ir jihozlar bilan yoki balandlikda ishlayotganingizda ikki karra ehtiyot bo‘ling.
Ogohlantiruvchi belgilarga amal qilish juda muhim.

Masalan:
(危険) belgisi xavf borligini bildiradi.
立入禁止 — “hududga kirish taqiqlangan” degani. Bu yozuvlarni esda saqlang va ularga rioya qiling.

Sog‘liqni asrash Yaponiyada ish beruvchi va ishchining umumiy mas’uliyatidir. Ish joylarida yillik tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi. Bunda sog‘lig’ingiz muntazam nazorat qilinadi. Agar o‘zingizda biror noqulaylik yoki salomatlik bilan bog‘liq muammo sezsangiz, darhol rahbaringizga xabar bering.

Bordiyu ish paytida:
Tanangizda og‘riq, charchoq yoki holsizlik sezsangiz, darhol yordam so‘rang.
Agar kimyoviy moddalar bilan ishlasangiz, ularning xavfsizlik kartasi (MSDS) bilan yaxshilab tanishib chiqing.

Favqulodda vaziyatda har bir ish joyida tibbiy qutichalar, yong‘inga qarshi vositalar va evakuatsiya rejalari mavjud bo‘lishi kerak. Bu bilan sizni tanishtirishlari shart. Evakuatsiya yo‘llari va yig‘ilish nuqtalarini esda saqlab qoling.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Sizning salomatligingiz eng asosiy boylik. Xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qiling, salomatligingizga befarq bo‘lmang. Ishingizni bajarayotganda o‘zingizni ham, atrofingizdagilarni ham ehtiyot qiling.

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya