337 27/12/2025

Yaponiyaga ishlash uchun borayotganingizda, siz faqat yangi ish emas, yangi til, yangi muloqot madaniyati va psixologik muhitga duch kelasiz. Bu bosqichga tayyor bo‘lish sizning moslashuvingiz, ishdagi muvaffaqiyatingiz va ruhiy holatingiz uchun juda muhim.

Yapon tili talaffuzi, grammatikasi va yozuvi bo‘yicha o‘ziga xos bo‘lgan murakkab til. Lekin oddiy kundalik iboralarni bilish, eng kamida salomlashish, uzr so‘rash, rahmat aytish kabi so‘zlarni to‘g‘ri ishlatish sizga katta hurmat keltiradi.

Masalan:
おはようございます — Xayrli tong
こんにちは — Salom
ありがとうございます— Rahmat
すみません — Uzr / Kechirasiz
わかりません — Tushunmadim

Muloqot Yaponiyada nihoyatda muloyim va tartibli bo‘ladi. Yaponlar ko‘pincha yuzaki tabassum qiladi, ularning «ha» («hai») degani har doim rozilikni anglatmasligi mumkin. Ba’zida bu shunchaki sizni tinglayotganini bildiradi. Shuning uchun har bir javobni tushunganingizga ishonch hosil qiling.

Chet elda yashash, ayniqsa birinchi marta ishlayotganlar uchun psixologik bosim, yolg‘izlik va nostandart holatlarga duch kelishni anglatadi. Ba’zan o‘zingizni begona, tushunarsiz muhitdagidek his qilishingiz mumkin.

Xo‘sh, bunday holatda nima qilish kerak?
✔️ O‘zingizga ishonchni saqlang! Bu holatlar vaqtinchalik.
✔️ Tilni o‘rganish davomida o‘z ustingizda ishlang. Hatto kichik yutuqlaringizni qadrlang.
✔️ Tashqi muloqotdan qochmang! Salom bering, kirishimli bo‘ling.
✔️ Stress, sog‘inch yoki qiyinchilik yuzaga kelganda, boshqa vatandoshlar yoki ishonchli odamlar bilan gaplashing.

Yaponiyada ruhiy holat muhim hisoblanadi. Ishda sabrli, muvozanatli va jamoaga mos bo‘lgan odam qadrlanadi. Shuning uchun hissiyotlaringizni nazorat qilish, muammoni salbiy emas, ijobiy yo‘l bilan hal qilish odatini rivojlantiring.

Shuningdek, yaponlar ko‘pincha tanbehni ochiqchasiga emas, bilvosita tarzda bildiradi. Shuning uchun tanqidni shaxsiy emas, ishdagi tuzatish deb qabul qilishga o‘rganing.

Esda tuting: tilni bilmasangiz ham, xushmuomala va samimiy bo‘ling, doim yangilikka intiling!

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya