O‘zbekiston Migratsiya agentligi hozirda Yaponiyada bo‘lgan fuqarolarga xorijliklarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish, firibgarlik holatlari ko‘paygani sababli murojaat qildi.
Ehtiyot bo’ling va shubhali takliflarga rozi bo’lmang. Bu, ayniqsa, rasmiy ro’yxatdan o’tmagan ish uchun, ish haqi «konvertda», ya’ni soliqlarsiz to’lanadigan ishlarga taalluqli. Yaponiyada bu qonun buzilishi hisoblanadi va buning uchun siz ish vizangizdan mahrum bo’lishingiz mumkin.
Bundan tashqari, agar siz rasmiy ravishda ro’yxatdan o’tmagan bo’lsangiz, qo’shimcha ishlarga rozi bo’lmasligingiz kerak. Bu ham noqonuniy hisoblanadi va sizning mamlakatdagi maqomingizga ta’sir qilishi mumkin.
Shuninfdek, o’zbekistonliklarni qimor o’yinlaridan va unga tortadigan odamlardan uzoqroq turish so’raladi. Yaponiyada qimor o’yinlari taqiqlangan va ishtirok etish bilan siz jiddiy muammolarga duch kelishingiz mumkin.
Soxta hujjatlardan, ayniqsa, rezident kartadan foydalanishga urinmang. Shuningdek, boshqa shaxslarning bank kartalarini berish yoki olish taqiqlanadi. Bu jinoiy javobgarlikka, ya’ni sud va qamoqqa olib kelishi mumkin.
Agentlik eslatib o’tadi: agar siz Yaponiyada tinch yashash va ishlashni istasangiz, mahalliy qonunlarga rioya qilishingiz va noqonuniy ishlarda qatnashmasligingiz kerak. Bu sizning xavfsizligingiz va qonuniy maqomingizni saqlashga yordam beradi.