324 11/06/2026

10-iyun kuni kechqurun Yekaterinburg markazida dahshatli avtohalokat yuz berdi. 81-raqamli avtobus yengil avtomobil bilan to‘qnashib, keyin piyodalar yo‘lagiga chiqib ketishi natijasida odamlar halok bo‘ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus 8 Mart ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan edi. Malisheva ko‘chasi bilan kesishgan joyda u Lifan avtomobili bilan to‘qnashib, to‘siqni urib piyodalar turgan yo‘lakka chiqib ketdi.

Guvohlarning aytishicha, baxtsiz hodisa bir necha soniya ichida sodir bo‘lgan. Hamma ham qochib qolishga ulgurmadi.

Baxtsiz hodisada to‘rt kishi: ikki ayol, bir erkak va bir voyaga yetmagan qiz halok bo‘lgani aytilmoqda. Ular tez yordam mashinasi kelguniga qadar vafot etgan. Hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda. Yana uch kishi jarohat olib, kasalxonaga yotqizildi. Sverdlovsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri Tatyana Savinovaning so‘zlariga ko‘ra, jarohat olganlar 45 va 32 yoshli ikki ayol va 22 yoshli erkak. Ularning ahvoli o‘rtacha va hayot uchun xavfli emas.

Hadisa paytida avtobusda 11 yo‘lovchi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan hech kim jarohat olmagan.

48 yoshli avtobus haydovchining fuqaroligi aniqlanmagan, lekin ko‘rinishdan o‘zbekistonlik deb taxmin qilingan. Dastlabki so‘roq paytida u svetoforning yashil chirog‘i yonib turganida chorrahani kesib o‘tishga uringanini aytgan. Keyinchalik u o‘zini yomon his qilgani: boshi aylanib, ko‘rish qobiliyati xiralashganini ta’kidlagan. Haydovchi vahima ichida gaz va tormoz pedallarini chalkashtirib yuborgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Ish beruvchi kompaniya rahbariyati haydovchi safardan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganini va avtobus yaxshi holatda ekanligini ma’lum qilgan. Biroq, yo‘lovchilar ilgari kompaniya faoliyatidan shikoyat qilgan.

Tergov qo‘mitasi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Birinchi holat ikki yoki undan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlikbo‘lib, ushbu qonunga ko‘ra, jinoyatchi yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Ikkinchi holat xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lib, bu 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Fojiadan so‘ng, Sverdlovsk viloyati gubernatori buyrug‘i bilan barcha mintaqaviy avtotransport kompaniyalarini keng ko‘lamli tekshiruvi boshlandi. Mutaxassislar transport vositalarining texnik holati va haydovchilar tibbiy ko‘rik qoidalariga rioya qilishlarini tekshiradi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya