
Yekaterinburgda 11-mart kuni, Sulimova ko‘chasidagi IIV migratsiya markaziga kirish joyida migrantlar orasida tiqilinch yuzaga keldi. Natijada, eshik migrantlar bosimini ko‘tara olmay singan. Bu haqida “Lenta.ru” nashri xabar bermoqda.
Tarmoqda sodir bo‘lgan voqea videosi paydo bo‘ldi. Tarqatilgan kadrlarda Yekaterinburgdagi Sulimova ko‘chasidagi migratsiya markazi binosi oldida o‘nlab chet ellik fuqarolardan iborat ulkan olomon ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, migratsiya markaziga kirishni istagan hamma ham navbatda tinchgina turmagan: ba’zilar zinadagi to‘siqlar orqali kirish joyiga suqilib kirishga urinishgan. Ularni olomon hushtak chalib qarshi olgan. «Qarang, eshikni sindirishdi», — deydi kadr ortidagi ovoz.
«Bugun ertalab Yekaterinburgdagi Sulimova ko‘chasidagi migratsiya markazida olomon eshikni sindirdi», — deyiladi «Безумный Екб» telegram-kanalidagi video tagidagi yozuvda.
Sverdlovsk viloyati IIV matbuot xizmati rahbari Valeriy Gorelix sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan Sulimova ko‘chasidagi migratsiya markazi binosiga politsiya naryadi yuborilganini ma’lum qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar zarur choralarni ko‘rishadi, deb aniqlik kiritdi u. Bundan tashqari, Gorelix yaqin vaqt ichida migratsiya markazi yangi, kengroq binoga ko‘chib o‘tishini aytgan. «Joriy yilning may-iyun oylarida ushbu muassasa fuqarolarga sifatliroq xizmat ko‘rsatish uchun Kislorodnaya ko‘chasi, 8-uydagi ikki yangi binoga ko‘chib o‘tadi», — deydi matbuot kotibi.
“Ura.ru” nashrining ta’kidlashicha, Sulimova ko‘chasida Migratsiya bo‘limida navbatlar muntazam ravishda yig‘iladi. Qolaversa shaharning boshqa migratsiya bo‘limlarida ham navbatlar ko‘p bo‘ladi. Masalan, fevral oyida Vtorchermetda o‘nlab migrantlar Migratsiya binosi oldida navbatda turgani videosi tarqalgandi. Mahalliy aholi vakillaridan biri buning sababi chet ellik fuqarolarning Rossiyada yashash guvohnomasini tasdiqlash zarurati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan edi. Chunki bu maqsadda qabul haftasiga ikki marta, ikki soatgina davom etadi. Shuningdek, chet ellik fuqarolar rus tili imtihonini topshirishi mumkin bo‘lgan kuni Yekaterinburgdagi migratsiya markazi oldida ham navbatlar kuzatilgan. Imtihonga taxminan 300 nafar fuqaro to‘plangan, yana taxminan 100 kishi ko‘chada o‘z navbatini kutgan.
Ta’kidlash joizki, bunday voqealar migrantlar kelib chiqadigan davlatlarning e’tiborini tortmaydi va ikki mamlakat vakillari uchrashuvlarida muhokama qilinmaydi.