
Yevropa Ittifoqi boshpana berish rad etilgan migrantlarni Yevropadan tashqaridagi maxsus lagerlarga yuborishi mumkinligi haqida Politico nashri yozmoqda. Bunday deportatsiya markazlarini Oʻzbekiston va Ruandada tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bir guruh Yevropa davlatlari hozirda qaytarish xablari deb ataladigan ushbu lagerlarni tashkil etishni muhokama qilyapti.
Noqonuniy migrantlarni Ruanda va Oʻzbekistonga yuborish tashabbusini Yevropa Ittifoqining 27 ta davlatidan yarmidan koʻpi, jumladan Germaniya, Gretsiya va Niderlandiya qoʻllab-quvvatlagan. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bunday lagerlarni tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvlarni 2026-yilda imzolash rejalashtirilayotganini aytdi. Ushbu markazlar 2027-yildan boshlab ishlay boshlashi kerak. Odamlar yuboriladigan davlatlarning aniq roʻyxati hali yakuniy tarzda tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, Yevropa rasmiylari Ruandaga allaqachon 900 million yevro, Oʻzbekistonga esa 119 million yevro ajratgani aytilgan.
Shuningdek, Yevropa siyosatchilari migrantlarni Ugandaga yuborish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. Odamlarni noqonuniy tashish xavfi mavjudligi sababli Misr va Liviya ushbu roʻyxatdan chiqarib tashlandi. Frantsiya va Ispaniya rasmiylari bunday lagerlarning samaradorligiga shubha qilganlari sababli ushbu gʻoyaga qarshi chiqdi.
Oʻtgan haftada Yevropa parlamenti deputatlari boshqa davlatlarda bunday markazlarni tashkil etishga ruxsat berish uchun migratsiya qonunlarini oʻzgartirdi. Yevropa Ittifoqining 19 ta davlatining qochqinlarni chiqarib yuborish boʻyicha tashabbusining oʻzi Frantsiya rahbariyati uchun kutilmagan hodisa boʻldi. Hozirda Germaniya, Daniya va Italiya vakillari deportatsiya markazlarini Yevropa chegaralaridan uzoqda qanday joylashtirishni faol muhokama qilmoqda.
Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqidan chiqarib yuborilayotgan migrantlar uchun markazlar tashkil etishni rejalashtirmayapti. Respublika rasmiylari bunday muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Yevropa Ittifoqi vakillari bilan bu mavzuda hech qanday uchrashuvlar va rejalar yoʻqligini ma’lum qildi.
Jurnalistlarning soʻzlariga koʻra, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya birgalikda qaytarish markazlari va arizalarni koʻrib chiqish markazlarini tashkil etish ustida ishlamoqda. Ular jami Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi 8–10 ta davlatga shunday hamkorlikni taklif qilmoqchi. Buning evaziga ushbu mamlakatlarga rivojlanishda yordam berish yoki viza rejimini yengillashtirish taklif qilinishi mumkin. Diplomatlardan 1 nafari Qozogʻiston va Oʻzbekiston salohiyatli hamkorlar sifatida koʻrib chiqilayotganini aytdi.
Ammo har ikki respublika vakillari bu ovozalarni rad etishdi. Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yerlan Jetыbayev 1-iyun kuni uning mamlakati viza rejimini soddalashtirish evaziga bunday markazlarni tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib bormayotganini ma’lum qildi. Uning soʻzlarini TASS axborot agentligi yetkazdi. Buning oʻrniga Qozogʻiston Yevropa tomoni bilan viza talablarini yengillashtirish va readmissiya toʻgʻrisidagi kelishuvni muhokama qilmoqda. Ushbu kelishuvga koʻra, respublika chet elga noqonuniy ketgan oʻz fuqarolarini qaytarib olish majburiyatini oladi.
Oʻzbekiston ham fuqarolarning Yevropaga safarlarini osonlashtirish ustida ishlamoqda. 2025-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar. Bu readmissiya va viza rejimini soddalashtirish masalalari boʻyicha muzokaralarni boshlash imkoniyatini ochdi. Dekabr oyida tomonlar ushbu muzokaralarni boshlashdi. Ular Yevropa Ittifoqiga ishlash va oʻqish uchun borayotgan odamlar, shuningdek, turistik guruhlar va yuk mashinasi haydovchilari uchun viza olish jarayonlarini yengillashtirishni muhokama qilishdi.