774 28/01/2026

“Do‘stlar! Shvetsiyada ish bor. Oyiga indamay 5 ming yevro topish mumkin. Til bilishingiz ham shart emas. Hech qanday diplom, qog‘oz-pog‘oz kerakmas. Ayrim xarajatlarini to‘laysiz va Yevropana ketasiz. Qiziq bo‘lsa, bizga murojaat qiling”, degan takliflarga duch kelsangiz, xushyor bo‘ling. Bu tuzoq bo‘lishi mumkin!

Yoki “Telegram”, “WhatsApp”, “Instagram” yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi “Yevropada qulupnay terish, meva terish yoki qishloq xo‘jaligida ish”, degan e’lonlarga duch kelsangiz, ishonmang, shubha bilan qarang! Bu ham, katta ehtimol bilan, firibgarlar qo‘ygan yana bir tuzoq.

Migratsiya shunchaki oddiy safar emas. Bu hayotingiz, oilangiz va kelajagingiz bilan bog‘liq katta qaror. Millionlab odamlar Yevropada ishlashni, yaxshi pul topish va yaxshi karyerani orzu qiladi. Lekin har bir orzu to‘g‘ri yo‘l, aniq reja va qonunga asoslansagina ideal darajada amalga oshadi. Biroq so‘nggi yillarda, afsuski, Yevropaga noqonuniy yo‘l bilan kirishga urinayotgan odamlar orasida yuzlab insonlar chegaralarda, xavfli tog‘ yo‘llarida, dengizda va muzliklarda halok bo‘lmoqda.

Xo‘sh, Shvesiyada hech qanday malakasiz, til bilmay, maxsus talablarsiz falon ming yevro oylik olish mumkinmi? Yo‘q! Bu yolg‘on! Nafaqat Shvetsiya, balki boshqa Yevropa mamlakatlarida ham malaka, ya’ni aniq bir mutaxassislik yoki hunar, oz bo‘lsa-da, til bilish talab qilinadi.

Keling, past malaka talab etadigan kasblardagi oylik maoshni hisoblab ko‘ramiz.

Shvetsiyada rasmiy milliy minimal maosh yo‘q, ammo kolektiv shartnomalar asosida shunday farqli maoshlar mavjud.

Ya’ni umumiy bozor taxminlari ko‘ra, aytaylik, qurilishda yordamchi / ishchi o‘rtacha 20 000 dan 24 000 SEK (shved kronasi)gacha maosh oladi.

Maoshdan olinadigan soliqlar o‘rtacha 30–33 foiz atrofida.

Agar oylik bruttoda 22 000 ming shved kronasi deb olinsa, taxminan 1848 € bo‘ladi. Undan 33 foiz soliqqa ushlansa, qoladigan netto miqdori, ya’ni qo‘lga tegadigan sof maosh taxminan 1235 € yevroni tashkil qiladi. Bu shaharlarga qarab o‘zgarishi mumkin.

Ana shu puldan turar-joy, yeb-ichish va yo‘lkira harajatlarini ham ajratib tashlasangiz, qancha qolishini hisoblab olish qiyin emas. Shugina oddiy misol orqali ayrim odamlar ijtimoiy tarmoqlarda va’da qilayotgan 5000 yevrolik maoshning yolg‘on ekanini bilish mumkin.

Xo‘sh, firibgarlarni qanday aniqlash mumkin?

Ular ko‘pincha bo‘rttirilgan ish takliflari, rasmiy ruxsatsiz “arzon viza”, hujjatsiz ishga joylashtirib berish va’dalari bilan ishontirishadi.

Amalda esa odamlarni ko‘pincha pasportni oldirib qo‘yish, qarzga tiqish, majburiy mehnat, yashash uchun sharoitsiz joylar va deportatsiya kabi noxush holatlar kutadi.

Shvetsiyada ishlash uchun ish beruvchi avval sizga rasmiy ish taklifini (Anställningserbjudande) yuborishi, shundan so‘nggina siz viza uchun hujjat topshirishingiz kerak.

Ha, aytgancha, Shvetsiyada qonuniy ish beruvchi yoki agentlik sizdan ishga joylashtirish uchun hech qachon pul so‘ramaydi. To‘lovlar faqat Shvetsiya Migratsiya agentligiga (Migrationsverket) viza arizasi topshirilganda to‘lanadi.

Agar sizga faqat “Telegram”, “WhatsApp” yoki TikTok orqali ish taklif qilishsa va rasmiy shartnoma ko‘rsatishmasa yoki shartnoma tuzmasdan turib bank kartangiz yoki pasport ma’lumotlaringizni talab qilishsa, bu ham firibgarlik alomatidir.

Bordiyu turli noqonuniy yo‘llar bilan Yevropaga ham borib oldingiz, deylik. Bunday vaziyat past malakali, kam maoshli ishlarda, yashirincha ishlashga majbur bo‘lasiz. Qolaversa,
-sug‘urtangiz bo‘lmaydi,
-jarohat olsangiz, davolana olmaysiz,
-maoshingizni ololmasangiz, mehnat huquqlaringiz himoya qilinmaydi.

Shuning uchun xorijga borishdan oldin mutaxassislar bilan maslahatlashib, qonuniy yo‘llar bilan ketishga harakat qiling.

Chunki qonuniy migratsiya sizga “xavfsizlik va huquqlar himoyasini paketi”ni beradi.

Ya’ni bu:
-rasmiy ruxsatnoma,
-mehnat shartnomasi,
-tibbiy sug‘urta,
-taqiqsiz yashash va ishlash,
– va konsullik yordamini olish imkoniyati demakdir.

Bordiyu ish vizasi bilan kelgan odam maoshini ololmasa, sud orqali undirib olishi mumkin.

Noqonuniy migratsiya — xavf! Lekin qonuniy yo‘l ham bor. Hozir sizga aniq va ishonchli yo‘lni aytamiz.

Xorijga ishga ketishga qaror qilishdan oldin:
-ish beruvchi haqida rasmiy ma’lumot oling,
-shartnomani o‘qing,
-vizani faqat elchixona orqali rasmiy qiling,
-noma’lum “telegram” kanallarga ishonmang,
-mutaxassis bilan maslahatlashing.

Eng asosiysi, til va kasb-hunar o‘rganing!

Agar xorijda ishlashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, birinchi qadam — rasmiy vakansiya va rasmiy ro‘yxatdan o‘tish.

Bunda davlatning tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi imkoniyatlari bor.

✅ “Xorijda ish” platformasi: xorijdaish.uz (vakansiyalar va ro‘yxatdan o‘tish)

Xohlasangiz, uydan chiqmagan holda ham onlayn ro‘yxatdan o‘tib, nomzod bo‘lishingiz mumkin.
EKRANDA (QR/link chiqadi):

Onlayn ro‘yxatdan o‘ting.

Yana muhim jihati: tashkillashtirilgan tartibda ketayotgan fuqarolar uchun ayrim xarajatlarni qoplab berish mexanizmlari ham mavjud. Masalan:
— til yoki kasb malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib sertifikat olganda — BHMning 3 baravarigacha,
— ishchi viza rasmiylashtirishda — BHMning 5 baravarigacha,
— yo‘l chiptasi uchun — BHMning 2 baravari kompensatsiya to‘lanishi mumkin.

Balki, Vatanda muvaffaqiyatga erisharsiz.

Har holda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kasbga o‘qitish kurslari, mikrokreditlar, maxsus imtiyozli dasturlari orqali minglab yoshlar o‘z biznesini ochmoqda, rivojlanmoqda. Siz ham urinib ko‘ring!

Savolingiz bo‘lsa, ishonchli manbaga murojaat qiling:
📞 Migratsiya agentligi: 1282 qisqa raqam
📞 (71) 202-33-55
🤖 Telegram bot: @huquqiy_yordam_uzbot
📞 “Yuksalish” NNT: +998 (99) 580-06-06, +998 (77) 370-66-77

Videorolik Shvetsiya Adliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot(IOM)ning “Shvetsiyaning Shvetsiya va Yevropa Ittifoqiga noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha
IOMni faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan hissasi” loyihasi doirasida «Yuksalish» axborot-maslahat resurs markazi buyurtmasi asosida «MIGRANT INFO» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlandi.

Maqola Shvetsiya Adliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning “Shvetsiyaning Shvetsiya va Yevropa Ittifoqiga noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha IOMni faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan hissasi” loyihasi doirasida «Yuksalish» axborot-maslahat resurs markazi buyurtmasi asosida «MIGRANT INFO» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlandi.

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya