
Kasb-hunar o‘rganib, xorijga ishga bormoqchi bo‘lganlar uchun yaxshi yangilik. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida malakani baholash va qayta tayyorlash markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, bu qanday markaz?
Mohir usta markazi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy infratuzilma ega va xalqaro standartlarga mos.
Ochilish marosimida so‘z olganlar loyiha ichki va tashqi mehnat bozori uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.
Mehmonlar markaz tarkibidagi asosiy o‘quv binosi, payvandlash va elektromontaj amaliyot ustaxonalari, mehmonxona, qo‘shimcha infratuzilma ob’yektlari hamda talabalar yotoqxonasi bilan tanishdi.
O‘quv markazida bugungi kunda mehnat bozorida eng talab yuqori bo‘lgan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Jumladan:
– kran va ekskavator operatori;
– payvandlash;
– ChPU (CNC) dastgoh operatori;
– yuk transport vositalarini boshqarish (CE toifa, Code 95);
– texnika xavfsizligi;
– elektromontyorlik;
– elektromontaj ishlari.
“Markaz bir yilda 5000 nafargacha tinglovchini o‘qitish quvvatiga ega bo‘lib, bir smenada 540 nafargacha fuqaro tahsil olishi mumkin. Ta’lim jarayonlari to‘liq oflayn shaklda olib boriladi. Yuk transport vositalarini boshqarish(SE toifa, Kod 95)ni o‘rgatishga mo‘ljallangan maxsus o‘quv maydonida yevrostandartlar asosidagi sharoitlar yaratilgan. O‘quvchilar maxsus yuk mashinasini xuddi Yevropa yo‘llarida yurgandek boshqarishadi. Kran va ekskavator operatori yo‘nalishida o‘qiydiganlar uchun o‘rnatilgan maxsus simulyatorlar esa real vaziyatdagi ishdan farq qilmaydi”, deydi “Mohir usta” loyihasi asoschisi Anvar Nazrulloh.
yoki payvandchilar amaliyot o‘taydigan dastgohlar ham eng oxirgi model, deydi tashkilotchilar. Mashg‘ulotlarga mahalliy va xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Shuningdek, bu markazda malakani baholash va imtihon olish uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Kurslarning davomiyligi 1 oydan 3 oygacha bo‘lib, ta’limning 70 foizi amaliy mashg‘ulotlardan, 30 foizi esa nazariy bilimlardan iborat. Narxi 3 milliondan 5 million (yotoqxona, 3 mahal issiq ovqati ichida) so‘mgacha.
Loyiha doirasida Germaniya, Polsha va Litva tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari joriy qilinadi. Ayrim yo‘nalishlarda xalqaro ta’lim metodikalari qo‘llaniladi. O‘qish yakunida tinglovchilarga davlat namunasidagi sertifikat bilan bir qatorda xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlar ham topshiriladi. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham faoliyat yuritish imkoniyatini beradi.