Maqola

270 23/12/2025

Samarqand viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida Paxtachi tuman sudining 2025-yil 15-sentyabrda chiqarilgan hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Ushbu ish bo‘yicha 1998-yilda tug‘ilgan, Paxtachi tumanida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi A.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, A.X. 2019-yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borgan. Keyinchalik u Rossiya Federatsiyasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilingan va Chelyabinsk viloyatidagi qattiq tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tagan.

2024-yil iyul oyida u jazodan ozod bo‘lish, qonuniy choralar qo‘llanilmasligi va Rossiya fuqaroligini olish umidida, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga yollangan. U Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan harbiy harakatlarda ishtirok etgani, Lugansk va Kursk viloyatlarida jang maydonlarida harbiy istehkomlar qurish ishlariga jalb qilingani aniqlangan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida A.X.ning Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan harbiy guvohnomasi, shuningdek, harbiy holatda tushirilgan fotosuratlari daliliy ashyo sifatida ishga qo‘shilgan. Sudda uning aybi guvohlar ko‘rsatmalari, telefon ma’lumotlari, fotosuratlar va boshqa prosessual hujjatlar bilan to‘liq tasdiqlangan.

Birinchi instansiya sudi A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashni belgilagan.
Sudlangan shaxs kassatsiya shikoyatida jazoni yengillashtirishni, oilaviy ahvoli va qilmishidan pushaymonligini inobatga olishni so‘ragan.

Biroq kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish har tomonlama, xolis va qonuniy ko‘rib chiqilgan, dalillarga to‘g‘ri baho berilgan, deb topdi. Sudlov hay’ati tayinlangan jazo adolatli va asosli ekanini qayd etib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Shu tariqa, Paxtachi tuman sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi, A.X.ga nisbatan chiqarilgan jazo qonuniy kuchda qoldi.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya