
Toshkent shahri Uchtepa tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.Ch.ni yollanma askarlikda aybdor deb topib, unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.Ch. 2016-yilda tirikchilik qilish va pul topish maqsadida Rossiyaga yo‘l olgan. U dastlab Orenburgda, keyin esa Rossiyaning turli hududlarida ishlab yurgan. Bir necha yildan so‘ng u Moskva shahrida uysizlar uchun mo‘ljallangan yotoqxonada yashay boshlagan. Hukmda qayd etilishicha, aynan shu yerda unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasi tuzish va Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish taklif qilingan. Buning evaziga 2,1 million rubl bir martalik to‘lov va’da qilingan.
Tergov va sud materiallariga ko‘ra, M.Ch. taklifga rozi bo‘lib, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma imzolagan. U maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tgach, o‘qchi lavozimida Rossiya armiyasi tarkibida Ukraina hududiga yuborilgan. Jangovar harakatlar vaqtida dron hujumi oqibatida boshi va yelka qismiga oskolkali jarohat olgan. Shundan keyin Rostov-Don shahridagi harbiy gospitalda davolangan. Sog‘aygach esa gospitaldan qochib ketgan va Moskvaga qaytib, turli ishlar bilan shug‘ullanib yurgan.
2025-yil noyabr oyida u Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan yashaganligi uchun polisiya tomonidan ushlanib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2026-yil yanvar oyida Toshkentga qaytgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uning avval Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilib, maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etganini aniqlagan. Bu jarayonga uning singlisi qilgan murojaat turtki bo‘lgan. U akasi o‘zini va farzandlarini o‘ldirish bilan qo‘rqitganini aytib, uning harbiy kiyimda va avtomat bilan tushgan suratini ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etgan. Ekspertiza ushbu suratdagi shaxs aynan M.Ch. ekanini tasdiqlagan, tibbiy ko‘rik esa uning tanasida eski oskolkali jarohat izlari borligini ko‘rsatgan.
Sudda ayblanuvchi aybini qisman tan oldi. U Rossiyaga faqat ishlash uchun ketganini, og‘ir hayotiy sharoitlarga tushib qolganini, sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashganini inkor qildi. Uning iddaosicha, avtomat bilan tushgan surati Chechenistonda olingan ekan. Shuningdek, u qilmishidan pushaymonligini bildirib, sog‘lig‘i va og‘ir moddiy ahvolini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Biroq sud guvohlar ko‘rsatmalari, ekspert xulosalari, fotosuratlar va boshqa dalillarni har tomonlama baholab, ayblanuvchining Ukrainadagi qurolli mojaroda moddiy manfaat evaziga ishtirok etgani isbotlangan, degan xulosaga keldi. Shu asosda uning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi — yollanma askarlik deb kvalifikatsiya qilindi.
Sud hukmiga ko‘ra, M.Ch. 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydi.