359 07/03/2026

Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya tartibida ko‘rib chiqqan ishda Yakkabog‘ tumanida yashovchi A.X.ga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Sud materiallariga ko‘ra, 2003-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida ro‘yxatda turgan A.X. 2021-yil 13-noyabr kuni ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ketgan. U yerda bo‘lib turgan vaqtida 2022-yil noyabr oyida politsiya xodimlari tomonidan ushlangan.

Keyinchalik 2024-yil noyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Samara shahri sudi tomonidan RF Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi bilan aybli deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Hujjatlarda qayd etilishicha, u jazoni o‘tayotgan davrda, aniqrog‘i 2025-yil fevral oyida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan taklif etilgan shartnomani imzolab, Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarda qatnashishga rozilik bildirgan. Shu asosda u jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilingan.

2025-yil 28-fevral kuni unga Rossiya Federatsiyasi fuqarolik pasporti va harbiy guvohnoma berilgan. Shundan so‘ng 2025-yil 1-mart kuni Donesk viloyatiga borib, u yerdagi harbiy qismda besh kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Keyinchalik Donesk viloyati Selidovo shahri atrofidagi janglarda ishtirok etgani aniqlangan.

2025-yil 6-may kuni harbiy harakatlar vaqtida dron zarbasi natijasida u jarohat olgan va harbiy gospitalga yotqizilgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uning tanasida portlovchi modda parchalaridan kelib chiqqan ko‘plab jarohat izlari mavjudligi aniqlandi.

Yakkabog‘ tuman sudi 2026-yil 16-yanvarda A.X.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi.

Sudlanuvchi va uning himoyachisi apellyasiya shikoyati berib, aybini tan olgani, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli va jinoyatni ochishga yordam berganini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Biroq apellyasiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan hukm qonuniy va asosli ekanini qayd etdi. Sud hay’ati ish bo‘yicha to‘plangan dalillar yetarli ekanini ta’kidlab, apellyasiya shikoyatlarini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Shu tariqa, A.X.ga nisbatan tayinlangan 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘z kuchida qoldirildi.

Shu o‘rinda Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan yoki ishlash uchun borishni niyat qilgan hamyurtlarimizga o‘ta hushyor bo‘lish, har xil shubhali odamlarga qo‘shilmaslik, yengil pul topish niyatidan qaytib, halol mehnat qilishni tavsiya qilamiz.

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya