223 03/08/2026

Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyasiya instansiyasi Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urushda qatnashganlikda ayblangan fuqaro M.Q.ga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, M.Q. 2023-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. U yerda bo‘lgan vaqtida Rossiya Mudofaa vazirligiga ixtiyoriy ravishda murojaat qilib, harbiy xizmatga qabul qilishni so‘ragan. Keyinchalik u oyiga 210 ming rubl maosh to‘lanishi nazarda tutilgan bir yillik harbiy xizmat shartnomasini imzolagan.

Hujjatlarda qayd etilishicha, shartnoma imzolangandan so‘ng u Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida mexanik-haydovchi lavozimiga tayinlangan va Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun yuborilgan. Sud materiallariga ko‘ra, u harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, Rossiya Mudofaa vazirligidan 2,3 million rubl miqdorida bir martalik pul olgan hamda 2025-yil yanvaridan 2026-yil martigacha jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Shu vaqt davomida dron hujumi oqibatida jarohat ham olgan.

Birinchi instansiya sudi uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154¹-moddasi 1-qismi va 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, jazolarni qo‘shish tartibida 3 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Apellyasiya shikoyatida M.Q. aybiga iqror ekanini, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy ahvoli va sog‘lig‘ini inobatga olib, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Uning himoyachisi ham xuddi shunday talab bilan murojaat qilgan.

Biroq apellyasiya sudi birinchi instansiya sudi jinoyatning og‘irligi, ishdagi dalillar va boshqa holatlarni to‘liq baholaganini ta’kidlab, jazoni yengillashtirish uchun huquqiy asoslar mavjud emas degan xulosaga keldi. Shu munosabat bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi, apellyasiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmadi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya