
Qashqadaryo viloyati sudining taftish hay’ati 2025-yil 28-noyabr kuni B.X.ga nisbatan chiqarilgan avvalgi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda sud majlisi materiallarida qayd etilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1999-yilda tug‘ilgan B.X. 2019-yilda Rossiyaga ishlash maqsadida ketgan. 2022-yil 26-yanvarda u Rossiya Federatsiyasi Vladimir viloyati sudi tomonidan narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat uchun 8 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni o‘tayotgan davr – 2022-yil avgust oyida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi vakillari mahkumlarga kontrakt asosida frontga borishni taklif qilgan.
B.X. 2022-yil 1-sentyabrda ushbu taklifni qabul qilganidan so‘ng “Donetsk xalq respublikasi” hududiga olib borilgan. U 2022-yil sentyabridan 2023-yil fevralgacha Rossiya–Ukraina qurolli to‘qnashuvlarida ishtirok etgan. Jangovar harakatlar vaqtida minomyot portlashi oqibatida yaralangan va Donetsk shahrida 20 kun davomida davolangan. Keyinchalik artilleriya bo‘limining tarkibida 4 oy davomida xizmat qilgan.
Kontrakt tugagach, 2023-yil fevral oyi oxirida B.X. Rossiya hududiga qaytib kelgan. Unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilingan, Rossiya fuqaroligi va 720 ming rubl miqdorida pul berilgan.
2023-yil 6-noyabrda B.X. Moskva–Qarshi reysi orqali yurtga qaytgan. 10-noyabr kuni u DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga borib, qilgan xatti-harakatlari haqida ixtiyoriy ravishda ma’lum qilgan.
Birinchi instansiya B.X.ni O‘zbekiston JKning 154-moddasi 1-qismi (yollanma jangchi sifatida qurolli to‘qnashuvda ishtirok etish) bilan aybdor deb topib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, unga nisbatan qo‘shimcha ayblovlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, kassatsiya instansiyasi mazkur epizodlarda jinoyat tarkibi mavjud emasligini aniqlab, uni oqlagan.
Taftish instansiyasi himoya tomonining yengilroq jazo tayinlash haqidagi shikoyatini qanoatlantirmadi. Sud B.X. qilmishi to‘liq isbotlanganini, tayinlangan jazo sanktsiyadagi eng past chegaradan ham yengil ekanini va yana kamaytirish profilaktik maqsadlarga zid bo‘lishini ta’kidladi.
Shu tariqa, B.X.ga nisbatan chiqarilgan avvalgi hukm to‘liq kuchda qoldirildi.