Rossiyada foydalanuvchilar ommaviy ravishda MTS, MegaFon, T2 RTK Holding (brend T2) va VimpelCom (Beeline) operatorlarining mobil tarmoqlaridan YouTube’ga kirib bo ‘lmayotgani haqida shikoyat qila boshladi. Ilgari kirish muammolari asosan statsionar tarmoqlarda kuzatilgan. РБК o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, videoxosting xizmatini to‘liq blokirovka qilish rejalashtirilmoqda.
Roskomnadzor Rossiya qonunchiligining ko‘plab buzilishi hamda mamlakat va uning fuqarolariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilishini vaj qilib, YouTube’ni bloklash uchun yetarli asoslar borligini aytdi.
19-dekabr kuni videolarni ijro etilishi bilan bog‘liq jiddiy muammolar haqida xabar berila boshlandi. Foydalanuvchilarning aytishicha, videolar yuklanmayapti yoki bir necha soniyadan keyin to‘xtab qoladi. Muammolar 19 dekabr yarim tundan beri nosozliklar qayd etilgan DownDetector xizmatida ham tasdiqlangan.
РБК ta’kidlashicha, ilgari cheklovlar foydalanuvchilarning taxminan 30 foiziga, birinchi navbatda statsionar kompyuterlariga ta’sir qilgan. Dekabr oyining o’rtalaridan boshlab blokirovka mobil tarmoqlarni ham qamrab oldi. Google vakillarining taʼkidlashicha, platformaga kirishda muammolar kompaniyadagi texnik nosozliklar yoki ularning harakatlari tufayli kelib chiqmagan.
Eslatib o’tamiz, YouTube bilan bog’liq qiyinchiliklar avgust oyida, rus internet provayderlari sifatning pasayishi va statsionar tarmoqlarga kirishning to’liq to’xtatilishi haqida xabar bergan paytda boshlangan. O‘shanda Roskomnadzor muammolarni Google’ning Rossiyadan chiqib ketishi va Google Global Cache serverlarini to‘xtatishi bilan bog‘lagan edi.
Endilikda agentlik YouTube qonunni buzayotganini va mamlakatga hurmatsizlik ko‘rsatayotganini, bu esa radikal choralar ko‘rilishiga olib kelganini da‘vo qilmoqda.