«Енидем» kompaniyasining ovqatini iste’mol qilib, zaharlangan muhojirlar soni yana 20 nafarga oshdi. Ularning barchasida qayt qilish va boshqa holatlar kuzatilgan. Bu safar zaharlangan muhojirlar ham 13-fevral kuni shifoxonaga yeztkazilgan quruvchilar bilan birga ishlagan. Biroq tez yordam chaqirish o‘rniga o‘zlarini o‘zlari davolagani uchun shifokorlarga kech murojaat qilishgan.
Ikkala brigadada ham zaharlanish alomatlari 13-fevral kuni kechqurun paydo bo’lgan. Birinchi brigada juma kuni ertalab kasalxonaga olib ketilgan. Ikkinchi brigada esa Mikluxo Maklay ko’chasidagi boshqa hostelda yashagan va 16-fevralgacha o’zlarini o’zlari davolashgan. Biroq, vaziyat nazoratdan chiqa boshlagach, shifokorlarga murojaat qilishgan. Eslatib o‘tamiz, barcha muhojir-quruvchilar katta ehtimol bilan tillarang stafilokokk infeksiyasidan zaharlangan. Ushbu infeksiya ishxonada berilgan tayyor ovqatda bo’lgani gumon qilinmoqda.
Moskva shahar Sog’liqni saqlash departamenti ma’lumotiga ko’ra, jami 70 nafar quruvchi zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ularning aksariyati O’zbekiston va Tojikiston fuqarolari. Hozirgacha o’lim holati qayd etilmagan, biroq bemorlarning ahvoli o’rta og’irlikda ekanligi xabar qilinmoqda.
“Роспотребнадзор” xodimlari zaharlangan ovqatni ish beruvchilarga yetkazgan «ЕниДем» kompaniyasining faoliyatini tekshirmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruviga yuborilgan. Shuningdek, ushbu kompaniyaning boshqa obyektlarga oziq-ovqat yetkazib berish faoliyati vaqtincha to’xtatib qo’yilgan.