
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashni taklif qildi.
“Ukraina bu urushni tugatishni taklif qilmoqda. Buni halol, munosib tarzda amalga oshirish va urushning yana qayta avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik kafolatini yaratish kerak”, — deyiladi maktubda.
Zelenskiyning fikricha, ikki mamlakat rahbarlari neytral maydonda — Shveysariya, Turkiya yoki arab davlatlaridan birida uchrashib, muzokara o‘tkazishi mumkin.
Zelenskiyning yozishicha, mojaroning asosiy sababi NATO yoki geosiyosat haqidagi bahslar emas, balki Rossiya rahbariyatining shaxsiy tanlovidir.
U shuningdek, har ikki tomondagi askarlar yo‘qotishlari va ukrain harbiylarining halok bo‘lishi mamlakat aholisiga katta og‘riq keltirayotganini ta’kidlagan.
“Ammo biz Ukrainada doimiy urushni istamaymiz. Biz urushsiz hayot naqadar yaxshi ekanini yaxshi bilamiz. Biz shu maqsadga erishishni xohlaymiz. Men ishonamanki, rossiyaliklarning aksariyati ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlashga tayyor va siz ham buni yaxshi bilasiz”, — deb yozadi Zelenskiy.
Zelenskiy Ukraina muzokaralar davrida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga tayyorligini bildirdi.
“Haqiqiy sukutni ta’minlashga bo‘lgan urinish bir-birimiz bilan muloqotni boshlash uchun eng yaxshi qadamdir. Agar siz ham xohlasangiz, bu shunchaki urinish emas, balki o‘t ochishni haqiqatan ham to‘xtatish bo‘ladi”, — deb yozadi Zelenskiy.
Xo‘sh, Rossiya tinchlik sulhiga rozimi?
Payshanba kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg yaqinidagi Konstantinov saroyida bo‘lib o‘tgan jahon axborot agentliklari jurnalistlari bilan uchrashuvda “Biz, albatta, Ukraina bilan tinch yo‘l orqali kelishuvga erishishni istaymiz va bunga tayyormiz. Bu kelishuv prezident Tramp bilan Ankoridjda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan asoslarga tayanishi kerak.
O‘shanda Rossiya oldiga muayyan masalalar qo‘yilgan va biz ma’lum murosalarga borishimiz mumkinligi aytilgan edi. Ankoridjda muhokama qilingan ana shu murosalarga Rossiya rozi. Endi Ukraina tomoni ham ularga rozi bo‘lishi kerak. Shunda mojaro tezda o‘zining tabiiy yakunlaniga yetadi”, — dedi Putin.
Putin urushni tugatish uchun Rossiya qanday aniq shartlarga rozi ekanini ochiq aytmadi.