Maqola

346 12/11/2024

“MSK1.RU” nashri Moskvada uy-joy kommunal xo‘jaligi ayanchli holatda ekani haqida yozmoqda. Har yili sovuq ob-havoning kelishi va qor yog’ishi bilan odamlar uy-joy kommunal xizmatlariga bir xil savollar bera boshlaydi. Asosiy muammolar orasida isitish tizimi va ko‘chalar tozaligi, deb yozadi nashr.

Ko’chalarning sifatsiz tozalanishi muammosini chet ellik ishchilar hisobiga hal qilishga urinilmoqda. Masalan, jazirama Zimbabvedan kelgan migrantlar Moskva ko’chalari va qurilish maydonchalarini tozalashga taklif qilinishi mumkin. Bu haqda Zimbabvening “The Herald” gazetasi Rossiya qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Nikita Stasishin va uning afrikalik hamkasbi Soda Zemu o’rtasidagi muzokaralarga asoslanib xabar bergan.

Rossiya Davlat Dumasining qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi komissiyasi raisining birinchi o’rinbosari Svetlana Razvorotneva MSK1.RU nashriga Rossiyada farrosh – “dvornik”lar yetishmasligini ma’lum qilgan. U, shuningdek, afrikalik va lotin amerikalik kadrlar ushbu yetishmovchilikni to‘ldira olishiga shubha qilishini bildirgan.

— O’tgan yili kubaliklar biz bilan ishladi. Shaxsan ko’rdim. Zimbabve haqida ham eshitdim. Bunday yondashuv mamlakat ichidagi tizimli kadrlar tayyorlash o’rnini bosa olmaydi. Menimcha, kubaliklar ob-havo tufayli bu yerda ishlay olmaydi, – deydi Razvorotneva MSK1.RU nashriga.

Kommunal xizmatlari xodimlarining Moskvadan chiqib ketishiga ta’sir ko’rsatgan yana bir omil — 2022-yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz. Ilgari, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar “dvornik” bo‘lib ishlashga kelar edi, ammo endi ish haqi pastligi sababli ular boshqa sohalarda ishlamoqda yoki boshqa mamlakatlarga ishlash uchun ketmoqda. Masalan, Janubiy Koreyaga, deb yozadi MSK1.RU nashri.

«Moskva uy-joy ittifoqi» boshqaruvi raisi Konstantin Kroxin ishchilar reklama va e’lonlardagi “dvornik”larning baland oyligining yarmini ham olmaydi, deb hisoblaydi.

Moskvada farrosh muhojirlarning maoshi 25 mingdan 30 ming rublgacha. Qolganlarini kommunal mafiyalar, brigadirlar, yana allaqanday shaxslar oladi, deydi mutaxassis Kroxin.

Kommunal sohada kadrlar yetishmasligi muammosi vazirliklar darajasida ham ma’lum qilindi. 2024-yil oktyabr oyining oxirida Rossiya Federatsiyasi hukumatining ushbu sohadagi qaroriga ko’ra 2035-yilga kelib uy-joy kommunal xo’jaligi va qurilish sohalarida band bo’lgan ishchilar soni 7,3 million kishiga yetishi kerak. Hozirda bu ko‘rsatkich atigi 2,2 millionni tashkil etadi. Yangi farrosh va traktorchilarni mahalliy sanoat kollejlarida «yetishtirish» rejalashtirilgan, deb yozadi MSK1.RU nashri.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya