
O‘zbekistonlik ayolning Rossiyada muhojir bo‘lishi – nafaqat iqtisodiy qiyinchiliklarga, balki aksar hollarda eng og‘ir ijtimoiy illatga duch kelishi demakdir. Ya’ni, uy va ish joyidagi zo‘ravonlik hamda tegajog‘lik muammosi ularni huquqsiz va himoyasiz qatlamga aylantirib qo‘ygan.
– Ayollarga shilqimlik qilish bu yerda oddiy holga aylangan, hech kim jinoyat deb jiddiy qaramaydi, – deydi Moskva viloyatida ishlayotgan 28 yoshli vatandoshimiz Mohira.
U erta turmushga chiqqan va oilaviy mojarolar ortidan 2 yil avval eri bilan ajrashib, Rossiyaga ishlashga kelganini gapirib berdi.
– O‘zbekistonda qolgan ota-onam, ikki ukam uchun pul yuborishim kerak edi. O‘qimaganman, oddiy ish izladim: farroshlikmi, idish yuvish. Nima ish bo‘lsa ham, faqat halol mehnat bo‘lsin, dedim.
Ish topish oson emas ekan. Telegram guruhlar, e’lonlar, tanish-bilish…
Rus tilini bilmaganim uchun ish imkoniyatim ham ko‘pmasdi. Asosan, o‘zbeklar ishlaydigan joylarga ish so‘rab borardim. Qayerga borsam, u yerda menga “g‘alati” qarashardi. Qo‘limdan nima ish kelishi emas, oilam bor-yo‘qligini, bu yerga kim bilan kelganimni so‘rashardi.
Avval boshda ahamiyat bermadim. Keyin tushundimki, ular ishimni emas, meni baholashar ekan.
Kunlik ishlarda yurdim. Ish topishimga o‘zimizni o‘zbeklar biram yordam bermoqchi bo‘ladiki! To‘g‘ri ma’noda emas, albatta.
Bu erkaklar ish topib berish bahonasida telefon raqamimni olishardi. Keyin u-buni bahona qilib, qo‘ng‘iroq qilishar, moddiy yordamlar taklif qilishardi. So‘ramasam ham, telefonimga pul solishardi.
Ularning shilqimlik, tegajoqlik gaplari ham jinoyat bo‘lsa kerak. Hozir internetda ko‘p aytilayaptiku. Biz buni oddiy hol deb qarab o‘rganib qolganmiz. Xatto qo‘llari “yugurib” ketsa ham, bir jerkib tashlab yo‘limizda davom etamiz.
Bir kuni qurilishga oshpaz kerak, deyishdi. Qo‘shni xonadagi tanishlarini yoniga tez- tez kelib turadigan erkak edi. Usta oshpaz emasman, desam o‘zbekcha ovqatlarni bilsang bo‘ldi, ishchilar o‘zimiznikilar, dedi.
Har kuni 3 mahal 16 kishiga ovqat qilinarkan. Yana, “Qolishga joy bor, o‘sha yerda yotib ishlasang ham bo‘ladi. Yashash, yeb-ichish bepul”, dedi.
Oyligim “toza” qolishini eshitib xursand bo‘ldim. Xujjat ham so‘rashmaydi, yaxshi imkon, deb o‘yladim. Chorshanba kuni ish ko‘rishga boradigan bo‘ldik.
Mening borishim qurilish joyida ishlayotgan erkaklarga aytilgan ekan. Ichimda sal qo‘rqdim, 16 ta erkakni ichiga borayapman, axir!
– Ayollar bormi?, deb so‘radim tanish erkakdan.
– Ha, 2 ta farrosh xotin bor, ular bilan yashaysan, dedi.
Ko‘nglim biroz tinchlandi. Bordik.
Soat kechki 7 larda kirib borganimizda, ishchilar ovqatlanib o‘tirishgan ekan. Bari kuyovchalarga o‘xshab, soch- soqolini olgan, kiyinib “poson” bo‘lib olgan ekan. Atirlarni hidi ham bor edi. Ichimda kulgim keldi, bular qurilishda ishlaydimi, nega buncha o‘zlariga qarab olishgan, deb o‘yladim. Meni ko‘rib o‘zlarini qanaqadir boshqacha tutishdi. Ya’ni, yaxshi ko‘rinmoqchidek. Hayron ham bo‘ldim.
Ish bilan tanishdim, nonushta va kuniga 2 mahal ovqat qilish qo‘limdan bemalol kelardi. Faqat katta qozonga o‘rgansam, bo‘ldi edi.
Murod aka (tanish erkak) endi xonangizni ko‘rsatay, deb yuqori qavatga yo‘l ko‘rsatdi. Men oldinga tushib ketayotsam, haligi ishchi bolalardan ikkitasi Murod akaning yoniga keldi. Menga boravering, deb imladi. O‘zaro gapdir, deb ulardan uzoqlashdim. Ammo qarasam, nimalarnidir tortishayotgandilar. Qo‘llari bir-biriga paxsa bo‘lishgacha bordi.
Oxiri, Murod akani baland ovozda “shoshma yey, oldin ishni pishitay”, deganini eshitdim. To‘rtovi ham men tomonga qaradi.
Meni ishimni gaplashishayaptimi, bilolmadim. Nima deb o‘ylashni ham bilmayman, ammo ularni menga qarashlaridan ichim hijil bo‘ldi.
– Ayollar qayerda?, deb so‘radim menga yaqinlashib kelayotgan Murod akadan. Ular bugun “podrabotka”ga ketishuvdi, kechroq keladi. Siz joylashib turavering”, dedi va bir xonaga boshlab bordi.
Ichkariga kirishim bilan orqamdan kirdi va shartta eshikni yopib, menga yopishib ketsa bo‘ladimi!
Qo‘rqib ketib baqira boshladim. Og‘zimni bekitib, menga kuch ishlab zo‘ravonlik qilardi. “Yordam beringlar”, deb baqirdim. Pastki qavatdagi ishchilar meni eshitdimi-yo‘qmi, bilmadim. Hech kim yordamga kelmadi. U odamga mening kuchim yetmadi, yerga yotqizvolib meni zo‘rladi. Qarshiliklarimga esa ayamay urdi.
Ho‘rlangan, bir ahvolda qoldim. Hammayog‘im qaqshab og‘rirdi. U odam chiqib ketdi. Yig‘lay- yig‘lay, sekin o‘rnimdan turishga harakat qildim.
Eng dahshatlisi, shu paytda bo‘ldi. Haliroq yo‘laqda Murod aka bilan tortishgan erkaklarning biri kirib keldi…
Men dod-voyimni hech kim eshitmadi. Yoki eshitsa ham parvo qilishmadi. O‘sha kuni yarim kechagacha 3 erkak ketma-ket zo‘rladi. Sog‘ joyim qolmadi.
Karaxt yotarkan, nega meni kelishimga bularning o‘ziga qarab yasanib olganini, yo‘lakdagi tortishuvlarini anglagandek bo‘ldim.
Ertalab oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab, bino hovlisiga chiqdim. Ishchilar hech nima bo‘lmagandek, nonushta qilib o‘tirishgan ekan. Meni ko‘rishdi, bir biriga qarab ustimdan kulganliklarini ko‘rdim. Hammadan nafratlanib ketdim.
Tezroq bu yerdan ketib, polisiyaga boraman, deb o‘yladim. Kechagi meni zo‘rlaganlar ko‘rinmadi. O‘zim yo‘limni topib, ko‘chaga chiqdim.
Temiryo‘l yoqasi bo‘yida polisiya deb yozilgan binoni ko‘rdim. Yaqinroq borib birpas o‘tirdim. Kirmoqchi bo‘lgan shashtimni qo‘rquvim qaytardi. Hujjatim yo‘q, o‘zimni deport qilib yuborishsa-chi, deb qo‘rqdim.
Bekat o‘rindig‘ida bir soatlarcha o‘tirib, kvartiramga qaytdim. Hamma ishda edi, ahvolimni faqat uydagi qirg‘iz qo‘shnim ko‘rdi. Ko‘riboq, tushundi. Nima bo‘lganini taxmin qildi.
“Yur, polisiyaga boramiz”, deb rosa meni ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Bormadim. O‘ralib yotdim. Shu ahvolda bir xaftacha yotdim. Bu vaqtda tinimsiz o‘yladim.
Rossiyaga kelgan kunimga, arzimagan narsani janjal qilib ajragan erimga, qiyin o‘tgan hayotimga la’nat o‘qidim”
Mohira hayotidagi dahshatli bu voqeani faqat yaqin dugonasi – Dilnavozga gapirib bergan ekan.
“Migrant.uz”ning grantlar dasturi doirasida o‘nlab o‘zbekistonlik muhojir ayollar bilan tanishdik, hayotlarida bo‘lgan og‘ir xotiralari haqida gaplashdik. Shu asnoda Dilnavoz “bir dugonam juda yomon voqeaga duch kelgan, ammo hammadan yashiradi”, deb qoldi.
Biz bu kabi illatlar ochilsagina, boshqalarga ibrat bo‘lishi, yana qancha ayollarni ko‘ngilsiz xodisalardan ogohlikka chaqirish imkoni ekanini tushuntirdik.
Mohira o‘ylab ko‘rib, rozi bo‘ldi.
“Eng yomoni, men o‘shandan keyin hammadan nafratlanadigan bo‘lib qoldim. O‘zimdan ham shunday nafratlanamanki, o‘ldirgim keladi”, dedi so‘zini oxirida.
Zo‘ravonlik, tahqir va tajovuz qurbonlariga nafaqat huquqiy yordam, balki psixologik ko‘mak ham juda zarur.
Afsuski, Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojir ayollar ko‘p hollarda “o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib” yashashni tanlashadi.
xxx
Rossiyada zo‘ravonlik yoki tegajoqlikka duch kelgan migrant ayol birinchi qadamda nimalarni qilishi kerak?
Migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Valentina Chupik migrant ayollarga qo‘yidagi tavsiyalarni berdi:
Avvalo, agar Rossiyada zo‘ravonlik yoki tegajoqlikka duch kelsangiz — sukut saqlamang!
Imkon qadar xavfsiz joyga chiqing va yaqin atrofdagi odamlardan yordam so‘rang.
102 (polisiya) yoki 112 (favqulodda xizmat) raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
Dalillarni saqlang: video, surat va guvohlarni yig‘ing.
O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qiling: +7 (909) 574-07-79
Migratsiya agentligi bilan bog‘laning:
Telefon va Telegram: (95) 985 33 55, (95) 983 33 55
WhatsApp: +7 925 045 47 44 | Telegram: @pomoshrussiamigrant
Telegram: @uzmigration | taplink.cc/migratsiya_agentligi
Shuningdek, Rossiyada og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan muhojirlarga migrantlar uchun bepul xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tashkilotlar va huquq himoyachilari ham yordamga keladi.
«Tong jahoni» NNT: +7 926 834-76-02 | +7 903 103 74 42
“Grajdanskoye sodeystviye” NNT: +7 985 310 08 26 | +7 920 613 90 67