
Zabaykal o‘lkasida 2024-yil iyun oyida Chitaning Aeroport mikrorayonida sodir bo‘lgan voyaga yetmagan qizga qilingan hujum bo‘yicha sud hukm chiqardi. Tergovchilar va sudning ma’lumotlariga ko‘ra, bir guruh erkaklar Kadalinskiy sanoat parki hududida 15 yoshli qizga uni o‘ldirish bilan tahdid qilib, unga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etishgan.
Jabrlanuvchi voqea joyidan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Ikki gumondor bir necha soat ichida hibsga olingan, qolganlari esa ertasi kuni qo‘shni Buryatiyada qo‘lga olingan. Keyin ularning barchasi Zabaykal o‘lkasiga olib ketilgan va u yerda jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan sudlanuvchilar hibsga olingan.
2025-yil avgust oyida birinchi instansiya sudi besh o‘zbekistonlik migrantni aybdor deb topdi va ularga 9 yildan 14 yilgacha qattiq tartibli koloniyada jazo tayinladi. 1,9 million rubl miqdorida ma’naviy zararni qoplash bo‘yicha fuqarolik da’vosi ham qondirildi.
Sudlanuvchilar va ularning himoyachilari hukmga rozi bo‘lmay, apellyasiya shikoyatlarini berishdi. Ushbu apellyasiya shikoyatlarida ular o‘zlarining aybsizligini e’lon qilib, jabrlanuvchi yolg‘on ko‘rsatma berganini va ishda taqdim etilgan dalillar yetarli emasligini ta’kidlashdi.
Apellyasiya sudi himoyachining dalillarini ko‘rib chiqdi, ammo ayblov tomonining fikriga qo‘shilib, hukmni o‘z kuchida qoldirdi.