Maqola

444 05/11/2024

Sud 51 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Alisher Xoliqovni Rossiya tomonidan Ukraina hududida olib borilayotgan harbiy harakatlarda qatnashgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sudlanuvchining aytishicha, advokat unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishni taklif qilgan. 51 yoshli o‘zbekistonlik drondan tashlangan snaryad portlashi natijasida jarohat olgan, deb yozadi “Gazeta.uz” nashri.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 4-noyabr kuni O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Ukraina hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashgani uchun hukm chiqardi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Ish materiallarini keltirgan “Gazeta.uz”ga ko‘ra, Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan Alisher Xoliqov (1973-yilda tug‘ilgan) 2023-yil 26-may kuni “Do‘stlik” chegara posti orqali Qirg‘izistonga yo‘l olgan. U yerdan “Osh — Sankt-Peterburg” reysida Rossiyaga uchib ketgan va 2023-yilning noyabr oyigacha ijarada yashab, turli vaqtincha ishlar bilan shug‘ullangan. Marg‘ilonlik O‘rinboy unga Sankt-Peterburgga kelib nonvoy bo‘lib ishlashni taklif qilganini aytgan.

Dastlabki ikki oy nonvoy sifatida ishlagan, ammo O‘rinboy unga va’da qilingan pulni to‘lamagan. Shundan so‘ng, u Umid degan odam bilan uch oy davomida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, ish beruvchilari surxondaryolik Akmal ismli shaxs ham turli bahonalar bilan maosh to‘lamaganidan keyin Alisher Xoliqov Akmalni kaltaklagan. Bundan so‘ng, Akmal politsiya chaqirgan va politsiyachilar Alisher va Umid ismli sherigini olib ketgan.

Politsiya bo‘limida advokat Akmalni kaltaklagani uchun 5 yilgacha qamalishi, biroq Ukrainadagi urushda ishtirok etish orqali javobgarlikdan qutilish mumkinligini ma’lum qilgan. Alisher va Umid urushga borishga rozi bo‘lishgan. Shundan so‘ng politsiya bo‘limida sudlanuvchiga ikki nusxada shartnoma berilgan. Shartnomaga imzo qo‘ygach, sudlanivchi va Umidga javobgarlikdan ozod ekanliklari haqida hujjat berib, politsiya bo‘limidan qo‘yib yuborishgan.

Sud hukmiga ko‘ra, 51 yoshli Xoliqov 2023-yilning 24-noyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik xizmat shartnomasi tuzgan. Shundan so‘ng, o‘zbekistonlik yana 80 kishi bilan rus-fin chegarasiga yaqin joydagi “Kaminka” harbiy qismiga joylashtirilgan. Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, harbiy qismga kelganidan bir necha kun o‘tib, rus hukumati uning bank kartasiga 500 ming rubl (64,6 million so‘m) o‘tkazgan. Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, u pulning 100 ming rublini o‘ziga qoldirgan, qolganini turmush o‘rtog‘ining kartasiga qismlarga bo‘lib yuborgan.

Ikki oy davomida Xoliqov o‘qotar qurollar bilan ishlashni o‘rgangan. 24-yanvar kuni Belgorodning Mayskiy qishlog‘idagi harbiy poligonga o‘tkazilgan va u yerda ham o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirgan. Belgorodda unga harbiy forma, hujjatlar va qurol berilgan.
2024-yil 4-fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, Alisher Xoliqov 79 kishidan iborat guruh bilan birgalikda O‘zbekiston qonunchiligi talablarini buzgan holda, biometrik pasportsiz, harbiylar kuzatuvi ostida noqonuniy ravishda Ukraina chegarasini kesib o‘tib, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi hududida Rossiya tomonidagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun kirib borgan.

4-fevral kuni “LXR” chegarasini kesib o‘tish vaqtida, Ukraina tomonidan dron orqali hujumga uchragan va drondan tashlangan snaryad portlashi natijasida Xoliqov boshining chap qismi, chap qo‘li, chap yelkasi va o‘ng oyoq tag qismidan jarohat olgan. Sudlanuvchi mart oyida hushiga kelgan vaqti Moskvadagi kasalxonada yotgan va u yerda bir oy davomida davolangan. Shundan so‘ng Rossiya hukumati uning bank kartasiga yana 300 ming rubl (37,8 mln so‘m) o‘tkazgan.

Tuzalib, harbiy harakatlarda ishtirok etishga qobil bo‘lmagani sababli ta’til olgach, Sankt-Peterburgdagi «Magnit» gipermarketining ombor yotoqxonasiga qaytgan. Uch kun o‘tgach, uning yoniga O‘zbekistonda qolib ketgan yashil biometriya pasportini olib, uning xotini kelgan. Alisher Xoliqov o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni turmush o‘rtog‘iga gapirib bergan va xotini unga O‘zbekistonga qaytishni taklif qilgan.

Sudda 51 yoshli Alisher Xoliqov chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tmaganini va pasporti “Kaminka” qismida harbiylar tomonidan olib qo‘yilganini tushuntirgan. Unga Rossiya fuqaroligi taklif qilinganini, lekin u fuqarolikni rad etgani sababli pasporti qaytarib berilmaganini ma’lum qilgan.

2024-yil 4-iyul kuni Alisher Xoliqov “Sankt-Peterburg — Toshkent” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan. Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan.

Sud Alisher Xoliqovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bo‘yicha aybdor deb topib, unga 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya