664 29/04/2025

O‘zbekistondan Serbiya va boshqa Bolqon davlatlariga yuqori maoshli ish izlab kelayotgan ishchilar soni ortib bormoqda. Ularning ko‘pchiligida ekspluatatsiyaga duchor bo‘lish xavfi bor, deb yozadi Balkan Insight nashri.

O‘zbekistonliklar Serbiyadagi chet ellik ishchilar kontingenti bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi. 2020-yilda Serbiya hukumati O‘zbekiston fuqarolariga 57 ta viza bergan. 2023-yilga kelib bu raqam 1 069 taga yetdi.

Serbiya va boshqa G‘arbiy Bolqon mamlakatlarida ularning ko‘pchiligi yomon sharoit, ekspluatatsiya va deportatsiya tahdidiga duch kelishmoqda.

Serbiyaning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha «Astra» nodavlat tashkiloti 2023-yilgi hisobotida mehnat migrantlari zaifligining ikkita asosiy omilini keltirdi: o‘z huquqlarini himoya qilish uchun cheklangan imkoniyatlar va muhojirlarni ish beruvchilar bilan bog‘laydigan ruxsatnoma qoidalari.

«Agar muhojirlarning shartnomasi tugasa, boshqa ish beruvchini topish yoki darhol uyga qaytish imkoniyati juda cheklangan», deb yozadi Astra.

«Bu odamlar qurilishda, restoranlarda va kuryerlik xizmatlarida ishlaydi, juda gavjum uylarda yashaydi – ba’zida xonada 20 kishi bo‘ladi, shaxsiy maydoni yo‘q va gigiyena qoidalariga rioya qilinmaydi», – deydi mutaxassis Relyanich BIRN bilan suhbatda.

Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, muhojirlarning aksariyati kuryerlik xizmatlarida ishlaydi.
Telegram guruhlarida o‘zbeklar Serbiyada ishlashning afzalliklarini tez-tez muhokama qilishadi. Ba’zilar buni pul ishlash uchun yaxshi imkoniyat deb bilishadi. Boshqalar vizalar va ishni tashkil etish uchun 1500-2000 yevro sarflash kabi xarajatlarga qaramay ishsiz qolish ehtimoli haqida ogohlantiradi.

2022-yilda jurnalistlar Serbiyada o‘zbekistonlik ishchilar zo‘ravonlik, jarima va majburiy deportatsiyaga uchragani haqida xabar bergan edi. Ko‘pchilikni adolatsiz shartnomalar imzolashga, og‘ir, nosog‘lom sharoitlarda ishlashga majbur qilishgani va 500 nafar ishchidan 200 nafari ish haqi to‘lanmasdan deportatsiya qilingani ma’lum bo‘lgan edi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya