239 29/07/2024

Rossiya Tergov qo‘mitasichalik hech bir idora migrantlar haqida ko‘p gapirmagan. Tergov qo‘mitasining rahbari Aleksandr Bastrikin o‘zining barcha ommaviy chiqishlarini Rossiyadagi migrantlarga bag‘ishlaydi.

Biroq, so‘nggi vaqtlarda ritorika yumshaganini sezish mumkin. Bastrikinning statistikasini Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev ochiqchasiga rad qila boshladi. Tergovchilar rahbariga deputatlar va spikerlar e’tiroz bildira boshladi. Natijada Bastrikin hatto deputatlardan kechirim so‘rashga majbur bo‘ldi.

Shundan keyin tarmoqlarda uning politsiyaning poraxo‘rligi haqidagi chiqishlari tarqala boshladi. Bu chiqishda idora rahbari Krokusdagi terrorchilik hodisasini tergov qilish chog‘ida politsiyada korrupsiyasiga duch kelganini aytgan.

Ehtimol, populist bo‘lib ko‘rinmaslik uchun, Tergov qo‘mitasi migratsiya siyosatini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini e’lon qildi. Rossiya Tergov qo‘mitasining «migratsiya qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha» takliflari quyidagilardan iborat:

  • Chet elliklarga Rossiya pasportini berish bilan bir vaqtda ularni harbiy ro‘yxatga olish;
  • Chet elliklarni RFga kirgan vaqtda Rossiya SIM-kartalarini olishga va ulardan foydalanishga majbur qilish;
  • Migrantlarning yagona idoralararo hisobga olish bazasini yaratish;
  • Ish beruvchilarga mehnat migrantlarini turar joy bilan ta’minlash va deportatsiya holati uchun moliyaviy depozit yaratish majburiyatini yuklash;
  • Migrantlar mehnatidan foydalanadigan kompaniyalar uchun katta soliq joriy qilish;
  • Migrantlarning bolalarini o‘quv muassasalariga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan darajada rus tilini bilishga majbur qilish;
  • Jinoyat sodir etgan muhojirlarning noqonuniy yurganini og‘irlashtiruvchi holat sifatida mustahkamlash.

Bu takliflar ko‘rib chiqiladimi yoki yo‘qmi – noma’lum. Ushbu takliflar Rossiya Tergov qo’mitasi ommaga olib chiqqan aynan qaysi muammolarni hal qiladi – bu ham aniq emas.

Biroq, Tergov qo‘mitasi rahbarining migrantlarga nisbatan e’tirozlari keyinroq berilgan takliflarda o‘z aksini topmaganini ko’rish mumkin. Demak migrantlar haqidagi faktlarga asoslanmagan qoralovchi fikrlar davom etadi, deb xulosa qilish mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya