Litvada bir yil davomida uchinchi mamlakatlardan kelgan ishchilar soni 20 mingga ortdi. Ularning ko‘pchiligini belaruslar va ukrainaliklar tashkil etayotgan bo‘lsa-da, ish beruvchilar ko‘proq Markaziy Osiyodan kelgan ishchilarga e’tibor qaratishmoqda. Ish beruvchilarning aytishicha, ularning boshqa tanlovi yo‘q. Litvaning o‘zidan ishchilarni topish deyarli imkonsiz.
2024-yilning birinchi yarmida Litvada Markaziy Osiyodan kelganlar soni rekord darajaga chiqqan, deb xabar beradi «BALTNEWS». 2024-yilning 1-iyuli holatiga ko‘ra, Litvada 6 ming o‘zbekistonlik, 5,6 ming qirg‘izistonlik va 4,6 ming tojikistonlik ishga joylashtirilgan. Xorijliklar asosan transport kompaniyalarida ishlashmoqda. Litvada chet ellik haydovchilar soni 60 mingni tashkil etadi.
Ishchi kuchi tanqisligiga qaramay, Litva hukumati mamlakatning migratsion qonunchiligini qat’iylashtirishga qaror qildi. Qat’iylashtirish kvotalarni joriy qilish, xorijlik ishchi kuchini yollash uchun mavjud kvotalarni qisqartirish, shuningdek, yashash uchun ruxsatnoma olish jarayonini murakkablashtirishni o‘z ichiga oladi. O’z navbatida qaror transport sohasidagi betartiblikka olib keldi.
«Yangi migratsiya siyosati joriy etilishi bu haydovchilarni ishlash imkoniyatlaridan mahrum qilish xavfini tug‘diradi, bu esa transport sohasidagi ishchi kuchi tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin», — deydi Litva milliy avtotashuvchilar assotsiatsiyasining bosh direktori Zenonas Buyvidas.
2024-yilning 1-iyulidan boshlab Litvadagi barcha migrantlar respublikada vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishlari shart. Shu bilan birga, hukumat fuqarolik olish qoidalarini yanada qat’iylashtirishni rejalashtirmoqda.