Maqola

142 11/09/2024

Migrant.uz tahririyatiga 4 yildan buyon Moskvada qonuniy ishlab kelayotgan muhojir murojaat qildi. O‘zbekistonlik Sh.K.ning so‘zlariga ko‘ra, u metrodan chiqishda politsiyachilar tomonidan mutlaqo asossiz to‘xtatilgan. To‘xtagach, hujjatlarini ko‘rsatgan. Uni avval patenti kuyganlikda, keyin migratsion qayd (registratsiya) muddati tugaganida, so‘ng metro haqini to‘lamaganlikda ayblashgan. Natijada o‘zbekistonlik muhojirni pora berishga majburlashgan.

– “Lyublino” metrosidan chiqishda meni politsiya ushladi. “Otdel”ga olib ketib, hujjatlarimni tekshirdi. Patenting kuygan deyishdi. Men esa bo‘lishi mumkin emas, patentim bilan rasmiy ishlayman, mehnat shartnomam bor, har oy vaqtida to‘layman, deb aytdim. Keyin migratsion qaydim tugaganini aytdi. Men esa hali vaqti bor, tugamagan, deb javob berdim. Javobimdan keyin 10 ming bersang, qo‘yib yuboraman, dedi. Mening uncha pulim yo‘qligini bilgach, unda 5 ming ber, dedi. Shundan so‘ng metro pulini to‘lamading, deb jarima yozishdi, deydi suhbatdoshimiz.

Besh ming rubl to‘lashga majburlagan politsiyachi muhojirga yo‘l haqini to‘lamaganlik haqida bayonnoma tuzgan. Jarima varag‘ini tutqizishdan avval harbiy shartnoma imzolash afzalliklari to‘g‘risidagi xabarnomani bergan. Xabarnomaning bir tarafini o‘zlarida olib qolishgan, ikkinchi tarafini esa o‘zbekistonlik muhojirga berishgan.

– Jarima qog‘ozini berishdan avval menga harbiy shartnomaga majburlab qo‘l qo‘ydirdi, endi nima bo‘ladi, deb o‘ylayapman. Mana shu qog‘ozni berdi, tagidagisini yirtib o‘zlarida olib qolishdi. Menga “troykasiz” o‘tding deb “shtraf” yozib beraman degandi, o‘rniga shu qog‘ozni yozib bershibdi. Shtrafga qo‘l qo‘y deb shu qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishibdi, deb xavotirlanadi suhbatdoshimiz.

Muhojirlarga harbiy shartnoma afzalliklari to‘g‘risidagi tanishuv hujjatlari har qanday bahona bilan tarqatilayotgani haqida Migrant.uz avval ham xabar bergan edi.

Politsiya bo‘limlarida, “spetspriyomniklarda”, patent olishda, tergov bo‘limlarida, ishxonalarda va hatto yotoqxonalarda urushga yollanish imkoniyatlari to‘g‘risida targ‘ibot varaqlari imzo qo‘yish majburiyati bilan berilmoqda.

Hozircha bunday tanishuv hujjatlariga qo‘l qo‘yadigan muhojirlar hech narsaga majburlangani yo‘q. Ya’ni qo‘l qo‘yganlaridan keyin ularni hech kim safarbar qilayotgani, urushga olib ketayotgani yo‘q. Huquqiy jihatdan bunday qog‘ozga qo‘l qo‘yish muhojirni hech narsaga majburlamaydi.

Biroq targ‘ibotning bu darajada majburiy-ixtiyoriy ravishda olib borilishi haqiqatdan ham xavotirli.

Markaziy Osiyo davlatlari haligacha Rossiya armiyasiga targ‘ibot qilinayotgan fuqarolari haqida qayg‘urib, hech qanday chora-tadbir ishlab chiqqani yo‘q. Umuman, Rossiyaning muhojirlar orasida olib borayotgan targ‘iboti bo‘yicha O‘zbekiston va boshqa davlatlar hech qanday munosabat bildirmay kelmoqda.

Biz esa muhojirlarga mazkur qog‘ozlarga qo‘l qo‘ygandan keyin harbiy komissariatdan telefon bo‘lsa, harbiy shartnoma afzalliklari qiziqtirmasligi, harbiy bo‘lish maqsadingiz yo‘qligini aytib, taklifga rad javobini berish kerakligini eslatamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya