Maqola

136 26/06/2024

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik muhojirlar Sheremetyevo aeroportidan kiritilmagani, bir necha kundan buyon ovqatsiz, suvsiz neytral hududda qolib kelayotgani haqidagi video va xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy sahifasida bayonot bilan chiqqan. Bayonotda elchixona O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga qaysi sabab bilan kiritilmayotgani haqida so‘rov bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yo‘llagani xabar berilgan.

Migrant.uz Sheremetyevo aeroportidagi muhojirlardan biri va aeroportning matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Migrant.uz bilan suhbatlashgan Anvarbek (ismi o‘zgartirilgan) O‘zbekistondan uchib kelayotganida unga taqiq borligini hech kim aytmaganini, biroq Moskvaga qo‘ngach, chegaradan uni kiritishmaganini xabar bergan.

Anvarbekning so‘zlariga ko‘ra uning Rossiyada oilasi bor. Rossiyada doim hujjat bilan yurgan. Chegarachilar o‘tkazgan tekshiruvi davomida uning pasportini uzoq tekshirishgan. Bundan so‘ng bir nechta savollar bilan murojaat qilishgan. Savollar Rossiyada qayerda, kim bo‘lib ishlashi, yashash joyi, Rossiyada kimi borligi va rejalari haqida bo‘lgan.

Suhbatdan so‘ng Anvarbekni umumiy navbatdan chiqarib, chetroqdagi xonaga o‘tkazishgan. U yerda 6 soatdan ortiq vaqt o‘tib, Anvarbekka Rossiyaga kirishda rad javobi berilgani aytilgan. Rad javobi nimaga asoslangani so‘ralganida, Rossiya Federatsiyasidagi xorij fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunning 27-moddasi, 1-qismi bo‘yicha bunday qarorga kelingani haqida ma’lumot berilgan.

Mazkur tartib Rossiyada bo‘lishi mamlakat xavfsizligiga tahdid deb ko‘rilgan xorij fuqarlariga muddatsiz taqiqni nazarda tutadi.

Anvarbek misolida boshqa o‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan ham shunday kiritilmaslik holatlari yuzasidan aeroport ma’muriyati bilan bog‘landik.

Aeroportning matbuot xizmati Migrant.uz bilan muloqotda Dog‘istondagi voqealardan keyin xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, Chegara xizmati mamlakatga kirib kelayotgan fuqarolarni izchil tekshirayotganini ma’lum qildi. Matbuot xizmatiga ko‘ra O‘zbekistonga qaytib ketish uchun uchun mavjud reyslarda bo‘sh joy kamligi uchun fuqarolarni qaytarib yuborish qiyinlashmoqda. Biroq aeroport hududida yegulik va ichimlik suvi, telefonlarni quvvatlantirish, mobil aloqa bilan muammo yo‘q.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya