Maqola

839 03/05/2025

Ukrainaning rossiyalik askarlarning ixtiyoriy ravishda taslim boʻlishiga yordam berish maqsadida yaratilgan “Yashashni xohlayman” loyihasi Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan 1110 nafar Oʻzbekiston fuqarosi roʻyxatini eʼlon qilgan edi.

Ushbu maʼlumot eʼlon qilinganidan soʻng Oʻzbekistonning vakolatli organlari tekshiruv ishlarini boshladi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonov “Gazeta.uz”ga bergan sharhida ma’lum qildi.

U O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, fuqarolarning mamlakat tashqarisida harbiy mojarolarda qatnashishi taqiqlanganini eslatgan. O‘zbekistonliklar haqiqatda jang qilgani tasdiqlansa, ularga nisbatan qonun doirasida chora ko‘riladi.

Shuningdek, bu shaxslar orasida O‘zbekiston fuqaroligidan tashqari Rossiya fuqaroligini ham olganlar borligi aytilmoqda. Biroq O‘zbekistonda ikki fuqarolik taqiqlangan. Hokimiyat bunday holatlarda ham chora ko‘rishga va’da berdi.

Tashqi ishlar vazirligining taʼkidlashicha, davlat idoralari fuqarolarni xorijdagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etganlik uchun javobgarlik haqida muntazam ogohlantirib turadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda boshqa davlatlar hududidagi harbiy mojarolarda ishtirok etish jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanma askarlik, ya’ni boshqa davlatda pul evaziga urushda qatnashish – 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan, O‘zbekiston fuqarolari xorijiy davlatlarning armiyasi, politsiyasi yoki boshqa xavfsizlik organlariga xizmatga borganliklari uchun 112,5 million so‘mgacha jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yollash uchun esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya