Migrant.uz tahririyatiga Sankt-Peterburg ishlayotgan muhojirlar murojaat qilishdi. O‘zbekistonlik migrantlarning aytishicha, Krasnoye Selo qishlog‘idagi Migratsiya markazida mehnat faoliyati to‘g‘risidagi bildirishnoma (uvedomleniye) topshirishda, ulardan ushbu xizmat uchun 3200 rubl to‘lov qilish talab qilinmoqda.
— Avvaliga 1800 rubl to‘lashni so‘rashdi, keyin 1400 rubl. 1800 rublni naqd pulda to‘lash kerak bo‘ldi, hech qanday kartadan to‘lovni qabul qilishmayapti, chek ham berilmadi. Noqonuniy va tartibda ko‘rsatilmagan ravishda pul undirishayotgani ko‘rinib turibdi. 1400 rublni esa karta orqali to‘lay oldim, uni to‘laganim haqida chek ham berishdi. Mehnat shartnomam bor bo‘lib turib, “uvedomleniye” topshirish uchun 3200 rubl to‘lashimga to‘g‘ri keldi, deb shikoyat qiladi o‘zbekistonlik Akbar ismli murojaatchi.
Avvalroq Migrant.uz tahririyatiga Nijniy Novgoroddan migrantlar murojaat qilib, mahalliy pasport-viza xizmatida “uvedomleniye”ni topshirish uchun 1600 rubl to‘lash kerakligini xabar berishgan edi.
Moskvadagi Saxarovo qishlog‘ida joylashgan Migratsiya markazida esa “uvedomleni” topshirish narxi 500 rubl.
Migrantlar bunday talablardan hayratda ekanliklarini, avval “uvedomleniye” topshirish yoki bepul yoki kamroq to‘lov evaziga amalga oshirilganini ta’kidlashmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, “uvedomleniye” topshirish bepul jarayon. 2024-yil 7-yanvaridan boshlab patent asosida ishlayotgan migrantlar mehnat faoliyati to‘g‘risida bildirishnoma (uvedomleniye) topshirishi kerak. Ichki ishlar vazirligining buyrug‘ida “uvedomleniye” topshirish uchun to‘lov undirish ko‘zda tutilmagan va xizmat bepul hisoblanadi.
Shikoyatlarga qaramay, mintaqalardagi Migratsiya markazlari va Pasport-viza xizmatlari ichki qoidalar va ma’muriy tartiblarga asoslanib to‘lov talab qilishni davom ettirmoqda.
Hozirda mehnat faoliyati to‘g‘risidagi “uvedomleniye”ni bepul topshirishning ikki usuli mavjud:
1. Ish joyi bo‘yicha IIVning Migratsiya bo‘limiga murojaat qilish.
2. “Gosuslugi” veb-saytida tasdiqlangan akkaunt ochib, u orqali topshirish.
Har ikki holatda ham “uvedomleniye”ni bepul topshirish mumkin.
Mutaxassislar hujjatlarni rasmiylashtirishda kutilmagan xarajatlarga duch kelmaslik uchun oldindan xizmat narxlarini aniqlab olishni tavsiya qiladi.
Piterdagi “Krasnoye Selo” migratsiya markazi Migrant.uzning vaziyatni aniqlash uchun telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.