Maqola

3 282 25/03/2025

Migrant.uz avval xabar berganidek, 2024-yil 1-dekabrdan boshlab migrantlarning biometrik ma’lumotlarini yig’ish bo’yicha tajriba boshlangan edi.

2025-yil 30-iyunidan boshlab esa muhojirlar Rossiyaga kelishlaridan 72 soat avval nega kelayotganlarini ko‘rsatib ariza topshirishlari kerak bo’ladi. Mazkur maqolada 30-iyundan boshlab Rossiyada migrantlarni qanday yangiliklar kutayotgani haqida batafsil ma’lumot keltirib o’tamiz.

Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2024-yil 7- noyabrdagi № 1510-sonli «Rossiya Federatsiyasiga kirish va chiqish qoidalari va shartlarini sinovdan o’tkazish bo’yicha tajriba o’tkazish to’g’risida»gi qaroriga asosan, 2024-yil 1-dekabridan boshlab Moskva shahridagi 4 ta aeroportda (Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Zhukovskiy) va Orenburg viloyatidagi Mashtakovo o‘tkazish punktida xorij fuqarolaridan biometrik ma’lumotlar (foto va daktiloskopiya) yig‘ilmoqda.
2025-yil 30-iyunidan boshlab, xuddi shu qaror asosida Rossiyaning barcha chegara o‘tkazish punktlarida yangi qoidalar joriy etiladi.

Yangi qoidaga ko‘ra, 2025-yil 30- iyunidan boshlab, barcha migrantlardan chegarada biometrik ma’lumotlar yig‘iladi va muhojirlar Rossiyaga kelishdan kamida 72 soat avval nega kelayotganini ko‘rsatib ariza topshirishi kerak bo‘ladi.

Ushbu tartib barchaga taalluqli bo‘ladi, hatto biznes vizasi, «ВКС», «РВП», «ВНЖ»ga ega bo‘lganlar, MDH davlatlari fuqarolariga ham.

Faqatgina:
• Belarus Respublikasi fuqarolari • Diplomatlar va ularning oila a’zolari
• Xalqaro tashkilotlar xodimlari
• Xizmat pasporti (viza) egalari
• 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar ushbu qoidadan mustasno.

Rossiyaga vizaviy tartibda kirayotgan xorijiy fuqarolari uchun kamida 72 soat avval kelish maqsadi ko‘rsatilgan onlayn ariza topshirish zarur emas. Biroq ular uchun ham biomterik ma’lumotlarni topshirish majburiy.

Shunday qilib, 2024-yil 1-dekabrdan avval Rossiyaga kirib kelib, tajriba davrida Rossiyada bo‘lib turgan migrantlar o‘zlarining biometrik ma’lumotlarini yagona biometrik tizimga 2025-yil 30-iyungacha kiritishlari kerak.

2025-yil 30-iyundan boshlab, Rossiyaga vizasiz keladigan davlatlar fuqarolari (O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va h.k.) esa Rossiyaga kirishdan kamida 72 soat oldin nima maqsadda kelayotganlarini ko‘rsatib, onlayn ariza topshirishlari kerak bo‘ladi.

Agar Rossiyaga davolash, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindoshning o‘limi bilan bog‘liq zaruriy maqsadda kelinayotgan bo‘lsa — kirishdan 4 soat oldin onlayn ariza topshirish mumkin bo‘ladi.

Arizani onlayn topshirish uchun migrantlar «Госуслуги» yoki «RuID» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishlari va shu ilovalar orqali arizani yuborishlari kerak.

Arizada bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan o‘rnatiladi.

Xorijiy fuqaroning shaxsiy kabinetida ariza yuborgandan keyin quyidagi ma’lumotlar ko‘rinib turadi:
• Arizani qabul qilinganligi
• Agar ariza rad etilsa, buning sabablari va yangi ariza topshirish imkoniyati haqida (agar dastlabki ariza to‘ldirishda xatolik yoki yetarli ma’lumot bo‘lmasa)
• Rossiyaga kirish imkoniyati bor yoki yo‘qligi.

Moskvada yana alohida yangi tartib

Shuningdek, 1510-sonli qarorga muvofiq, 2025-yil 30-iyundan boshlab, Moskva shahridagi migrantlar turli migratsiya xizmatlaridan foydalanishi, rus tili, tarix va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihonlarni topshirishlari uchun «Госуслуги»da profillari bo‘lishi va biometrik ma’lumotlarni topshirgan bo‘lishlari talab etiladi.

Bundan tashqari, 30-iyundan muhojirlar uchun xorij fuqarosining elektron kartasi bo‘lishi majburiy qilib qo‘yiladi.

Moskva shahrida muhojirlar uchun elektron shaxsni tasdiqlovchi kartalar tajribasi yakunlanib, muvaffaqiyatli deb topilsa, ushbu chora doimiy tarzda butun Rossiya bo‘yicha qo‘llanilishi mumkin.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya