Мақола

133 11/03/2024

Migratsiya sohasida navbatdagi ahmoqona taklifni muhokama qilsak, nima deysiz?

Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi quruvchi firmalarga yetishmayotgan ishchilar muammosini migrantlarni “qulga” aylantirish hisobiga hal qilmoqchi bo‘layapti. Ya’ni, Mehnat vazirligining parlamentga ko‘rib chiqish uchun berayotgan taklifiga ko‘ra, migrantlar ularni taklif qilgan ish beruvchilardan boshqasida ishlashi taqiqlanadi. Agar migrant uni taklif qilgan ish beruvchidan ketib qoladigan bo‘lsa, unda hujjatlari bekor qilinadi va Rossiyani 15 kun ichida tark etishi shart bo‘ladi.

Taklifning bir ijobiy tarafi, migrantlarning yo‘lkira, patent, registratsiya xarajatlarini ish beruvchi sarflaydi.

Yomon tarafi – bunday chora Rossiya konstitutsiyasiga zid va haqiqiy mehnat qulligiga olib keladi. Chunki ishchining mehnat huquqlari, erki cheklanib, majburiyatlari ko‘payishiga olib keladi. Ish beruvchining esa ishchiga nisbatan vakolati cheksiz bo‘lib qoladi. Xohlagan vaqti uni oyliksiz qoldirishi, oylikni kechiktirishi, hujjatlarini vaqtida to‘lamasligi mumkin. Natijada ishchi ish beruvchidan ketolmaydigan, o‘z hujjatlarini o‘zi uzaytirib, qonuniy yurishini ta’minlay olmaydigan, qonuniy yurishi uchun moliyaviy zaiflikka yo‘liqqan, huquqsiz, mehnat quliga aylanadi.

Konstitutsiya va inson huquqlari tamoyiliga zid bo‘lgan bunday taklif ortidan Mehnat vazirligi qurilish korxonalarida ishlamay ketib qolayotgan migrantlarni to‘xtatmoqchi. Og‘ir qurilish ishlaridan kuryerlik, taksistlik yengil sohaga o‘tib ketishlarida Rossiyaliklarning ish o‘rinlarini olib qo‘yilishiga barham bermoqchi. Aslida bunday muammoni qurilish sohasida jarohat risklarini kamaytirish, xavfsizlikni oshirish, maoshlarni ko‘tarish, imkoniyat va imtiyozlarni ko‘paytirish mumkin. Lekin vazirlik negadir ish beruvchilarning huquqlari cheksizligini lobbilashtirib, migrantlarning de-fakto qullikka tushishini qo‘llamoqda, ularni ijtimoiy himoyadan ayirmoqda.

Mehnat vazirligining taklifi Rossiya konstitutsiyasiga, inson huquqlari tamoyiliga va mehnat bozorining boshqa sohalaridagi katta “o‘yinchilari” manfaatiga zid. Shundan kelib chiqib, vazirlikning taklifi qayta ko‘rib chiqishga yuboriladi va umuman qabul qilinmaydi, deb umid qilamiz.

Zarnigor Omonillayeva, huquqshunos

Эрининг ўчини боласидан олаётган аёллар

Навигация