Maqola

166 21/09/2024

Reyestr ishga tushganidan keyin undagi ro‘yxatga tushgan muhojirlar “ЗАГС”dan o‘ta olmaydi, bank va davlat xizmatlaridan foydalana olmaydi, farzandlarini bog‘cha va maktablarga joylashtira olmaydi. Bu haqida Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “Коммерсант” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Rossiyada 2025-yilning fevral oyidan noqonuniy migrantlar reyestri, ya’ni ro‘yxati ishga tushishi haqida Migrant.uz saytida avvalroq xabar berilgan edi. Ushbu reyestr, Rossiyadan chiqarib yuborish rejimi kiritilishi bilan ishga tushadi.

Ushbu reyestrga kiritilgan shaxslar transport vositasini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, “ЗАГС”dan o‘tish va uni bekor qilish, bolalarini maktabgacha yoki maktab muassasalariga joylashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Mazkur cheklovlar haqida Gorovoy “Коммерсант”ga bergan intervyusida yana bir bor gapirib o‘tgan.

“Mamlakatda 6 milliondan ortiq chet el fuqarolari bor, ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjondan kelgan. Ularning 739 mingdan ortig‘i noqonuniy migrantlardir. Hukumat migratsiya siyosatini kuchaytirishni o‘rganmoqda, jumladan, malakasi past bo‘lgan mutaxassislarning oilalarini olib kelishni taqiqlash va ayrim sohalarda ularni ishga qabul qilishga cheklovlar joriy qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, 2024-yilning 1-dekabridan boshlab Moskva aeroportlarida chet elliklarni foto va barmoq izlari orqali identifikatsiya qilish tartibi sinov tariqasida joriy etiladi. Sinov tugagach, ushbu tartib barcha chegara postlarida joriy qilinadi. Bunday tizim nafaqat Moskvada, balki Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil chegara punktida ham bo‘lishi rejalashtirilmoqda”, deydi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

Aleksandr Gorovoyning ta’kidlashicha, Rossiya mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmovchiligi mavjud. Shu bilan birga, mamlakatda 10 milliondan ortiq kishi mehnat shartnomasini tuzmasdan ishlamoqda. Ularning 10 foizdan ko‘prog‘ini chet elliklar tashkil qiladi. Bu ishchilar mahalliy byudjetlarga soliq to‘lamaydi va Rossiyaning ijtimoiy fondiga hissa qo‘shmaydi, bu esa hammaga zarar bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasida noqonuniy muhojirlarning reyestri yaratilganidan keyin barchaga amnistiya berilishi muhokama qilingani haqida ma’lumot berilgan. Ma’muriy amnistiya masalasini Rossiya huquq-tartibot organlarining barchasi, jumladan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ham qo‘llab-quvvatlagan edi. Migrant.uz bu haqida batafsil ma’lumot bergan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya