172 08/03/2024

So‘nggi paytlarda muhojirlarga Rossiyaga kirishda rad javobi berilishi ko‘paygan. Hech qanday «zapret», kasalligi yoki huquqbuzarligi bo‘lmagan oddiy migrantlar chegarachining so‘roqlariga tutilib, telefoni, narsalari tintuv qilinib, natijada hech qanday tushuntirishlarsiz mamlakatga kiritilmay qaytarib yuborilmoqda. Yani bu hammamiz bilgan Rossiyaga kelish uchun taqiq emas, balki aynan chegaraga kelganda chegarachiga qandaydur sabablar bilan yoqmay qolib, Rossiyaga kiritilmaslik holatidir. Kirishda rad etish deb nomlanadigan bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi: avvaldan hech qanday huquqbuzarlik yoki Rossiyaga kelish uchun taqiq yo‘qligiga ishonch hosil qilib, bilet olib kelinadi, samolyot Moskvadagi Sheremetyevoga aeroportiga qo‘ngach chegara oldiga kelinadi. Shu vaqt chegarachi ko‘rinishingiz, kiyimingiz yoki boshqa qandaydur sabablar bilan sizga shubhalanib qaraydi va savollarga tutishni boshlaydi. Keyin telefoningiz, narsalaringizni titkilaydi. Natijada hech qanday tushuntirishlarsiz, rasmiy hujjatlarsiz Rossiyaga kiritmay aeroportning o‘zidan keying reys bilan vataningizga qaytarib yuboradi. Kamdan kam holatlarda qaytarilganlarga Rossiyaga kirishda rad javobi yozilgan, «otkaz» qog‘ozi, “persona non grata” belgisi qo‘yilgan hujjat beriladi.

Keling, mana shunday Rossiyaga kiritilishda rad etilish nima ekani va bunday rad etilish taqiq, nomaqbullik yoki majburiy chiqarib yuborish kabi choralardan nimasi bilan farq qilishini batafsil ko’rib chiqamiz.

Rossiyaga kelish uchun taqiq («zapret», vidvoreniye, deportatsiya deb ham ataladi) migratsiya yoki Rossiyaning boshqa qonunlarini buzish natijasida qabul qilingan qarordir. Bunday taqiq muayyan huquqbuzarliklardan keyin yuzaga keladi. Ya’ni ta‘qiq uchun asos bo‘luvchi huquqbuzarlik bor bo‘ladi.

Lekin biz gapirayotgan Rossiyaga kiritilishda rad javobi (ya‘ni «otkaz») hech qanday qonuniy asossiz chegarachining subyektiv fikri va shubhasi bilan beriladi.

«Zapret»ning amal qilish muddati bor. Muddat o‘tgach Rossiyaga yana kelaverish mumkin. «otkaz»ning esa muddati yo‘q. Qancha kutmang, «otkaz» qachon bekor qilinishini bilolmaysiz.

«Zapret» qarori qabul qilingach qonun bo‘yicha davlat idoralari migrantni bundan xabardor qilishi kerak. Agar sudda yoki politsiya bo‘limida migrant xabardor qilinmasa, unda hech bo‘lmasa chegarada qaysi qonunga ko‘ra «zapret»ga” tushgani aytiladi. «zapret»ni qaysi idora qo‘ygani, muddati, qaysi qonunga asoslanib qo‘yilgani ham shunda ma‘lum bo‘ladi.

«Otkaz» qo‘yilganida esa hech qanday bildirish, xabardorlik, «otkaz» qarori, qonuniy asos, «otkaz» muddati va unga mas‘ul idora to‘g‘risida ma‘lumot berilmaydi.

«Zapret» bor yoki yo‘qligini oldindan bilish mumkin.

«Otkaz»ning mavjudligini oldindan tekshirib bo‘lmaydi. Chunki «otkaz» qarori chegarani kesib o‘tish vaqtida bevosita migrant bilan yuzma-yuz turganda Rossiya Chegara xizmati xodimining ixtiyoriga ko‘ra qabul qilinadi.

«Zapret» qarori ustidan idoraviy yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin.

«Otkaz»ni esa avval idoraviy yo‘sinda idora rahbariga ariza bilan murojaat qilib yechish mumkin. «otkaz» ustidan shikoyatda sudga murojaat qilish kerakli natijani bermaydi. Boshqa turli idoralarga yozishdan ham naf yo‘q. Chunki qayerga yozmang, arizangiz baribir «otkaz» bergan FSBning o‘ziga qaytarib yuboriladi.

«Otkaz» ustidan sudga shikoyat qilish uchun FSBning «otkaz»ni yechmasligi to‘g‘risidagi javobi kerak bo‘ladi. Migrantlar uchun shunday hujjatni olish ham muammo bo‘ladi. Chunki amalda «otkaz» qo‘yilgach chegarachilar umuman hech qanday hujjatsiz og‘zaki chala tushuntirishlar bilan migrantlarni qaytarib yuboradi. Kamdan kam holatlarda «otkaz» haqida akt qog‘ozi beriladi. Lekin akt ham sudga shikoyat uchun yetarli asos emas. Sudga shikoyat uchun aynan rad javobi yozilgan qaror kerak. Uni esa FSBning o‘ziga murojaatsiz olib bo‘lmaydi.

«Otkaz» qo‘yilgach, berilgan hujjatga “Persona non grata” belgisi (nomaqbul shaxs) bo‘ladi. Bunday yozuv Rossiyadagi xorijiy fuqarolarning haqiqiy maqomlariga aslo aloqasi yo‘q, yuridik kuchi bo‘lmagan nom, xolos. Chunki xorij fuqarosini “nomaqbul shaxs” deb tan olish uchun ma‘muriy ish ochish va yuritish kerak. Ma‘muriy ish va sud qarorisiz chet el fuqarosini “nomaqbul shaxs” deb hisoblash mumkin emas.

Endi, «otkaz»ning «zapret»lardan farqini tushuntirilgach, uni bekor qilish tartibi haqida ma‘lumot berish mumkin.

«otkaz»ni olib tashlashni so‘rab FSBga yozilgan shikoyatda nima uchun Rossiyaga kelishingiz zarurligini ko‘rsatish kerak. Qolaversa, zaruriyatni tasdiqlovchi dalillarni ilova qilish kerak. Murojaatga 30 kun ichida javob keladi. Biroq tajribadan kelib chiqib javob bir oydan ko‘p vaqt kechikib kelishini ta‘kidlab ketish kerak. Javob olgach, unga ko‘ra xulosalar chiqariladi va keyingi harakatlar rejasi tuziladi.

Professional huquqshunoslar «otkaz»ni yechish masalalarida ma‘muriy, ya‘ni sudgacha bo’lgan tartibda elektron resurslar orqali murojaatlarni rasmiylashtirishda yordam berishi mumkin. Agar zarurat bo’lsa, «otkaz»ni bekor qilish bo‘yicha murojaatlarni rasmiylashtirish uchun professional yordamdan foydalaning.

Umuman olganda, «otkaz»ni bekor qilish tartibi bir oydan ikki oygacha davom etadi. Byurokratiyani hisobga olib, yuqori organga qayta murojaatlarni olsak, migrasiya sohasida sudgacha ma‘muriy idoraviy murojaatlar o‘rtacha 5-6 oyni o‘z ichiga oladi. FSB chegara xizmatidan yozma javob kelishi bilan ushbu javobni sud orqali shikoyat qilib, bekor qilish mumkin.

Mutaxassislar va huquq himoyachilarining fikricha, mamlakatga kirishda «otkaz» berilishining ko‘payishi Rossiyada huquq institutining zaiflashuvi natijasidir.

Эрининг ўчини боласидан олаётган аёллар

Навигация