Maqola

704 19/12/2025

Sankt-Peterburgda taksi va yetkazib berish xizmatlarida migrant ishchilarga qo‘yilgan taqiq kutilgan natijani bermadi. Mashhur qo‘shiqdagi «biz o‘t yoquvchi emasmiz, biz duradgor emasmiz» degan joyiga “biz dvornik ham emasmiz” degan so‘zlarni ham qo‘shish kerak, shekilli. Sobiq taksi haydovchilar rullarini supurgiga almashtirishga shoshilmayapti.

Sankt-Peterburg vise-gubernatori Yevgeniy Razumishkinning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar cheklovlar joriy etilgandan so‘ng taksidan bo‘shagan migrantlar shahar kommunal xizmatlariga o‘tishiga umid qilishgan. Biroq, “dvornik” bo‘lishni orzu qilgan taksichilar unchalik ko‘p bo‘lmadi.

To‘g‘ri, ayrim migrantlar kommunal xizmatga ishga joylashgan, ammo ularning soni kadrlar yetishmovchiligini to‘ldirish uchun juda kam. Razumishkin taqiqning ta’siri zaif ekanligini tan oldi. Rasmiylar qish tugagandan so‘ng yakuniy natijalarni ko‘rib chiqmoqchi.

Ko‘cha supuruvchilarining ishini yanada jozibador qilish uchun shahar maoshlarni oshirdi va ish sharoitlarini yaxshiladi.
Hozirda ko‘cha supuruvchilar uchun o‘rtacha ish haqi 65 000 rubl va mexanizatorlar uchun 99 000 rublni tashkil qiladi. Ammo hatto bu sharoitlarda ham ishchi kuchi yetishmasligi saqlanib qolmoqda: qish boshlanishiga kelib, “dvornik”lar yetishmasligi taxminan 18 foiz bo‘ldi.

Yechim izlash maqsadida shahar boshqa mamlakatlardan ishchi kuchini jalb qila boshladi. Masalan, Sankt-Peterburgning Primorskiy tumani ko‘chalarini Hindistondan kelgan ishchilar supura boshladi.

Sankt-Peterburgda taksi va yetkazib berish xizmatlarida patent bilan ishlaydigan chet el fuqarolarining taqiqlanishi 2026-yilning oxirigacha uzaytirildi. Biroq, tajriba shuni ko‘rsatadiki, haydovchilarni ko‘chalarni supurishga majbur qilishi qiyin.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya