Samarqandda sud SSSRni “tiklash”ga urinishda ayblangan 74 yoshli shaxs ishi bo‘yicha qaror chiqardi. Qarorga ko‘ra, mazkur fuqaro turli platformalar, jumladan, «Uzbekistan SSR/SSSR» Telegram guruhidan foydalangan holda Sovet Ittifoqini tiklash haqidagi g‘oyalarni faol ravishda targ‘ib qilgan. Bu guruhda u O‘zbekiston mustaqilligi go‘yoki haqiqiy emasligi, SSSR de-yure parchalanmagani, sobiq respublikalar tez orada yana birlashishini ta’kidlagan materiallarni chop etgan.
Tergov shuni ko‘rsatdiki, sudlanuvchi Rossiya fuqarosi Oleg Turishkinning ma’ruzalariga berilib ketgan, 2021-yilda undan “SSSR fuqarosi” sertifikatini olgan va Ittifoqni tiklash g‘oyalarini ilgari sura boshlagan. U tarqatgan materiallarda O‘zbekiston davlat tuzumini noqonuniy usullardan foydalangan holda o‘zgartirishga chaqiriqlar borligi ekspertiza tomonidan tasdiqlangan.
Sud fuqaroni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz) bilan aybdor deb topib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, unga nazorat organlarining ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirishi, Samarqand viloyatidan tashqariga chiqishi va internetdan foydalanishi taqiqlangan.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, internet provayderlari va kabel televideniyesi kompaniyalari tomonidan taqdim qilinayotgan xorijiy telekanallarining aksariyati Rossiyaga aloqador. Targ‘ibotni faol olib boradigan bunday kanallarni doimiy ravishda tomosha qilish fuqarolarni mafkuraviy ta’sir va dezinformatsiyalarga qarshi himoyasiz qoldirishi mumkin.