
AQSH prezidenti Donald Tramp 23-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlab, xalqaro tashkilotni qattiq tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot nafaqat o‘z majburiyatlarini bajara olmayapti, balki global muammolarni, xususan, migratsiya bilan bog‘liq muammolarni ham kuchaytirmoqda.
Trampning eslatishicha, BMT 2024-yilgi byudjetida AQSHga kelayotgan muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 372 million dollar ajratgan. «Birlashgan Millatlar Tashkiloti nafaqat o‘zi hal qilishi kerak bo‘lgan muammolarni hal qila olmaydi, balki ko‘pincha yangilarini yaratadi. Eng yaxshi misol – bizning davrimizning birinchi raqamli siyosiy muammosi: nazoratsiz migratsiya inqirozi», – deya ta’kidlaydi u.
Uning fikricha, Yevropa davlatlariga aynan noqonuniy muhojirlarning nazoratsiz oqimi tahdid solmoqda. «Mamlakatlaringiz vayron bo‘lmoqda. Yevropa jiddiy muammoga duch keldi. Ularni dunyo hech qachon ko‘rmagan noqonuniy muhojirlar bosib oldi», – degan Tramp.
U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi rahbarlarini harakatsizlikda ayblab, “siyosiy andisha tufayli ular hech narsa qilmayotganini” ta’kidlab, bu Gʻarb sivilizatsiyasi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Tramp mamlakatlar joylarda yangi muammolarni yaratmasdan, inqiroz yuzaga kelgan joyda yordam berishi kerakligini ta’kidlamoqda. «Mag‘rur xalqlar o‘z millatini himoya qilish va jamiyatlarini ilgari hech qachon tanimagan odamlar tomonidan bosib olinishini oldini olish huquqiga ega bo‘lishi kerak», degan u.
Siyosatchi, shuningdek, globalizm konsepsiyasi milliy davlatlarning yo‘q qilinishiga olib kelishini ta’kidlagan: «Muvaffaqiyatli sanoatlashgan davlatlar o‘z jamiyatlarini yo‘q qilishga majbur bo‘lgan globalizm tushunchasini butunlay va butunlay rad etishi kerak».
Tramp xulosa qilar ekan, uning ma’muriyati ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirganini va odam savdosiga qarshi kurashganini, Jo Baydenning siyosati esa, uning fikricha, “jinoiy to‘dalar va kartellarga yangi kuch bag‘ishlaganini” eslatdi.