
Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan ayol nomini oʻzgartirib Rossiyaga kirishga uringani uchun Samarada hibsda qoladi. Samara viloyat sudi shikoyatni koʻrib chiqdi va Samara shahri Kirov tuman sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirdi. Endi ayol davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtganlik uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi 2-qismi boʻyicha ayblanmoqda.
Bundan avval, 2024-yil fevralda, Rossiya IIV Sankt-Peterburg shahrining Frunze tumani boʻyicha bosh boshqarmasi migratsiya masalalari boʻlimi unga 2028-yil 28-fevralgacha Rossiyaga kirishni taqiqlagan edi. Shunga qaramay, 2024-yil aprelda u chegarani kesib oʻtishga uringan. Oʻshanda Rossiya FSBsining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati boʻyicha Chegara boshqarmasi «Pulkovo-1» nazorat-oʻtish punkti xodimlari unga kirishni rad etishgan.
Shundan soʻng ayol Oʻzbekistonga qaytib, ismini rasman oʻzgartirdi va yangi xorijga chiqish pasportini oldi. Ushbu pasport bilan u 2026-yil 27-iyunda Urganch shahridan amalga oshirilgan reys bilan Samara xalqaro aeroportiga uchib kelgan. Ammo chegara nazorati vaqtida Rossiya FSB xodimlari uning shaxsini tezda aniqlashdi. Chegarachilar unga 2028-yil fevralgacha chegarani kesib oʻtish taqiqlanganini aytib, uni hibsga olishdi.
Ushbu moddaga ko’ra, ayol 300 ming rublgacha jarima, to’rt yilgacha majburiy mehnat yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.